O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Yengil sanoat sohasida yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish va eksport hajmini oshirish uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.
Unga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi tashkil etiladi.
Agentlik to‘qimachilik, charm-poyabzal, ipakchilik va gilamchilik sanoati sohalarida ustuvor yo‘nalishlarni ishlab chiqish va amalga oshirish bo‘yicha vakolatli davlat organi hisoblanadi.
Yengil sanoat sohasida belgilangan vazifalarni amalga oshirishda "O‘zto‘qimachiliksanoat", ''O‘zcharmsanoat" va "O‘zbekipaksanoat" uyushmalari hamda kadrlarni tayyorlash, ta’lim yo‘nalishlari va dasturlarini ishlab chiqish, ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirishda Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti o‘z faoliyatini Agentlik bilan hamkorlikda olib boradi.
Agentlik qoshida yuridik shaxs tashkil etmagan holda byudjetdan tashqari Yengil sanoatni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etiladi.
Agentlik tomonidan yengil sanoat sohasidagi korxonalarga Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan 2025 yil 1 oktyabrdan boshlab:
a) xalqaro brendlarni jalb qilish, standartlashtirish va sertifikatlashning xalqaro tizimlarini, moliyaviy hisobotlarning xalqaro standartlarini joriy etish, eksport shartnomalari bo‘yicha sug‘urtalashni moliyalashtirish xarajatlarini qoplash hamda mutaxassislarni o‘qitish uchun grantlar ajratish;
b) xorijiy davlatlarda savdo uylarini ochish va saqlash, ofis, savdo va ombor binolarini ijaraga olish, reklama kampaniyalarini tashkil etish bilan bog‘liq chet eldagi xarajatlarining bir qismini qoplash;
v) xorijiy konsalting kompaniyalarni va malakali mutaxassislarni jalb qilish, ko‘rgazma stendlarini tashkil etish va xalqaro ko‘rgazma-yarmarkalar, treninglar va biznes-forumlarda ishtirok etish xarajatlarini qoplab berish, xorijiy axborot resurslarida ma’lumotlarni joylashtirishda moliyaviy yordam ko‘rsatish;
g) yengil sanoat korxonalarini, shu jumladan, tayyor tikuv-trikotaj, tabiiy va sun’iy charmdan tayyor poyabzal va charm attorlik mahsulotlari, ipak mato ishlab chiqaruvchi korxonalarni belgilangan tartibda moliyaviy qo‘llab-quvvatlash;
d) Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan hududlarda tashkil etiladigan yengil sanoat korxonalariga ko‘maklashish loyiha ofislarini saqlash, jalb qilinadigan xorijiy maslahatchilar va konsalting kompaniyalari xarajatlarini qoplash, Agentlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, hamkor uyushmalar hamda ilmiy muassasalarni o‘rnatilgan tartibda moliyalashtirish choralarini ko‘rib boradi.
O‘zA