Yengil sanoatda ishlab chiqarish hajmi oshmoqda
Milliy matbuot markazida mamlakatimiz yengil sanoatini rivojlantirish istiqbollariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Tadbir “O‘zbekengilsanoat” aksiyadorlik jamiyati tomonidan tashkil etildi.
Milliy matbuot markazida mamlakatimiz yengil sanoatini rivojlantirish istiqbollariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Tadbir “O‘zbekengilsanoat” aksiyadorlik jamiyati tomonidan tashkil etildi.Paxta va tolani qayta ishlash bo‘yicha ko‘p asrlik an’analarini saqlab kelayotgan mamlakatimiz yengil sanoati mustaqillik yillarida makroiqtisodiyot kompleksida munosib o‘rin egalladi. Prezidentimiz rahnamoligida yaratilayotgan qulay sharoitlar, imtiyoz va preferensiyalar, mustahkam me’yoriy-huquqiy baza tarmoq korxonalariga salmoqli yutuqlarga erishish va rivojlanishning yangi marralariga chiqish imkonini berayotir.
Bugungi kunda yengil sanoat tarmog‘ining yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 3,8 foiz, sanoat mahsulotlari hajmida 26,2 foiz, nooziq-ovqat iste’mol tovarlari ishlab chiqarishda 44 foizdan ortiqni tashkil etayotir. Ayni paytda paxta tolasini mamlakatimizda qayta ishlash hajmi sezilarli oshdi. Chunonchi, bu ko‘rsatkich 1991-yilda 7 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2014-yilda 35 foizgacha yetdi.
Chet el investitsiyalari va texnologiyalarini jalb etish, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilash, milliy tajriba va umume’tirof etilgan xalqaro me’yorlar asosida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan puxta siyosat yuqori ishlab chiqarish ko‘rsatkichlariga erishish kafolati bo‘lib xizmat qilmoqda. Buning samarasida mustaqillik yillarida tarmoqqa 2,2 milliard dollardan ortiq sarmoya jalb etildi va 180 dan ziyod yirik investitsiya loyihasi amalga oshirildi.
Qo‘qon to‘qimachilik kombinati negizida tashkil etilgan “Indorama Qo‘qon tekstil” qo‘shma korxonasi muhim loyihalardan biridir. Yiliga 29 ming tonna kalava ishlab chiqarish quvvatiga ega ushbu loyihaning qiymati 110 million dollarni tashkil qiladi. Xorazm viloyatida “O‘zteks” korxonalar guruhi tomonidan “Svis Kapital” (Shveytsariya) kompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan, umumiy qiymati 50 million dollardan ortiq bo‘lgan va yiliga 12 ming tonna kalava ishlab chiqarish quvvatiga ega korxona ham keng ko‘lamli loyihalardan biridir.
Sobiq «O‘zbektekstilmash» ishlab chiqarish birlashmasi negizida Shveytsariyaning «Mashinefabrik Riter AG» kompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan «Riter O‘zbekiston» xorijiy korxonasi tarmoqni rivojlantirishda salmoqli yutuq bo‘ldi. Ushbu korxonada lentali, taroqli va halqali yigiruv mashinalari ishlab chiqarilmoqda. Buning samarasida mamlakatimizda zamonaviy to‘qimachilik mashinasozligi qayta tiklandi.
Shu tariqa bugungi kunda «O‘zbekengilsanoat» aksiyadorlik jamiyati korxonalarining yillik ip yigirish quvvati 450 ming tonna, to‘qimachilikda 296 million kvadrat metr mato, trikotaj polotnosi ishlab chiqarishda 90 ming tonna, tikuvchilik-trikotaj yo‘nalishida 270,2 million dona mahsulotni tashkil qilmoqda.
Tarmoqqa zamonaviy texnologiyalarning joriy etilayotgani mahsulot eksportida o‘z aksini topmoqda. 2014-yil yakunlariga ko‘ra, tarmoqdagi eksport ko‘rsatkichi bir milliard dollarga yetdi. Bugungi kunda yengil sanoat mahsulotlari dunyoning 50 mamlakatiga eksport qilinmoqda.
«O‘zbekengilsanoat» aksiyadorlik jamiyati tizimida Vatanimiz mustaqilligining 24-yilligi arafasida umumiy qiymati 99 million dollarlik 18 yangi korxona ishga tushirildi. 43,1 million dollarlik eksport salohiyatiga ega ushbu korxonalarda mingdan ziyod yangi ish o‘rni yaratildi.
To‘qimachilik sanoati, tayyor gazlamalar va kiyimlar tayyorlashni yanada rivojlantirish, shuningdek, “O‘zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati bilan hamkorlikda sintetik tola va ip ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish “O‘zbekengilsanoat” davlat aksiyadorlik kompaniyasining ustuvor yo‘nalishlaridandir.