“Nuroniy” jamg‘armasining Surxondaryo viloyati tumanlari va Termiz shahri bo‘limi o‘rtasida tanlov tashkil etilib, eng faol bo‘lim yengil avtomobil bilan taqdirlanadi.
Viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi viloyat, tumanlar va Termiz shahar bo‘limi rahbarlari, faol nuroniylar, faxriylar, oqsoqollar bilan uchrashuvda ana shu tashabbusni ilgari surdi.

Jamg‘armaning hududiy bo‘limlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish maqsadida tashkil etiladigan tanlov yakunida ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni egallagan bo‘limlar qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanishi ma’lum qilindi.

Uchrashuvda nuroniylarning jamiyat hayotidagi faolligini yanada oshirish, ularning yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdagi o‘rnini mustahkamlash masalalari yuzasidan ham atroflicha fikr almashildi. “Nuroniy” jamg‘armasining hududiy bo‘limlari nuroniylar bilan ishlarni tizimli, yanada samarali va maqsadli tashkil etishi zarurligi ta’kidlandi.


Uchrashuvda, shuningdek, viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga, aholi turmush farovonligini oshirishga qaratilgan ishlar yuzasidan nuroniylarning fikr-mulohazalari, hayotiy tajribaga asoslangan qimmatli taklif va maslahatlari tinglandi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri