Yengil atletikachilarimiz xalqaro turnirda sovrindor bo‘ldi
Qozog‘istonning Ust-Kamenogorsk shahrida yengil atletika bo‘yicha Olimpiya o‘yinlari chempioni Olga Ripakova sovrini uchun o‘tkazilgan xalqaro turnirda sportchilarimiz shohsupaga ko‘tarildi.
Nufuzli musobaqaning uch hatlab sakrash bahslarida mamlakatimiz sharafini himoya qilgan Ivan Denisov 15.92 metr natija qayd etgan holda bronza medaliga ega chiqqan bo‘lsa, Mardonbek Sotiboldiyev 60 metrga to‘siqlar osha yugurishda, Umidjon Nabiyev esa 400 metrga yugurishda shohsupaning uchinchi pog‘onasidan joy oldi.
Eslatib o‘tamiz, mazkur turnirning o‘tgan yilgi bahslarida atletlarimiz 2 tadan oltin va bronza hamda 1 ta kumush medalga ega chiqqan edi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA