Xitoyning Tianjin shahrida yengil atletika bo‘yicha yopiq inshootlarda o‘tkazilgan 12-Osiyo chempionati yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari 4 ta medalga sazovor bo‘ldi.
Chempionatning ikkinchi kunida mahoratli yengil atletikachilarimiz Sharifa Davronova va Jonbibi Hukmova o‘z yo‘nalishlarida oltin medallarga ega chiqqandi.
Qashqadaryolik yosh sportchi Jonbibi Hukmova 400 metr masofaga yugurishda 53,61 soniya natija qayd etib, g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarilgan bo‘lsa, yosh bo‘lsa-da xalqaro maydonda o‘ziga xos natijalar qayd etib kelayotgan Sharifa Davronova uch hatlab sakrash dasturida 14,05 metr ko‘rsatkich bilan qit’ada tengsiz ekanligini namoyish etgandi.

Kecha qit’a birinchiligining so‘nggi kunida ayollar o‘rtasida balandlikka sarkash dasturida terma jamoamiz a’zolari Barnoxon Sayfullayeva va Valeriya Gorbatova g‘oliblik uchun kuchlilar bilan bahslashdi.
Quvonarlisi, Valeriya Gorbatova 1.87 metr natija bilan birinchi o‘rinni egalladi va oltin medalga ega chiqdi. Gorbatova bilan bir xil natijani qayd etgan hindistonlik Puja avvalgi balandliklarda urinishlar sifati bo‘yicha Valeriyadan ortda qolib, ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Shuningdek, chempionat dasturidan o‘rin olgan 800 metrga yugurish dasturida hamyurtimiz Sabohat Samijonova 2:09.58 vaqtda belgilangan masofani bosib o‘tib, kumush medalga egalik qildi. Mazkur yo‘nalishda oltin medal xitoylik Vu Xongjiao(2:08.56)ga nasib etdi.
Umumiy natijalarga ko‘ra, Xitoy terma jamoasi 10 ta oltin, 11 ta kumush va 13 ta bronza medali bilan yetakchilikni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, keyingi pog‘onalarni 4 ta oltin medal jamg‘argan Qatar, 3 ta oltin, 6 ta kumush, 2 ta bronza medaliga egalik qilgan Yaponiya jamoasi band etdi. O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari 3 ta oltin, 1 ta kumush medal bilan kuchli beshlikni egalladi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA