Poytaxtimizdagi O‘zbekiston yengil atletika federatsiyasi stadionida yengil atletika bo‘yicha kattalar va 20 yoshgacha bo‘lgan atletlar o‘rtasidagi O‘zbekiston chempionatida navbatdagi g‘olib va sovrindorlar aniqlandi.
Chempionat doirasida o‘tkazilgan 800 metrga yugurish bellashuvlarida Irina Levina va Hayotjon Ahmedov kattalar o‘rtasida g‘olib bo‘lgan bo‘lsa, ushbu masofada o‘tgan U20 yosh toifasidagi bahslarda Mohidil Mamajonova hamda Asilbek Rajabov marra chizig‘ini birinchi bo‘lib bosib o‘tdi.

10 ming metr masofadagi yugurish bahslarida Mohinabonu Komilova hamda Andrey Petrov (kattalar), Dinora Ismatilloyeva, Akmal O‘rinov (U20) oltin medalni qo‘lga kiritdi.

Balandlikka sakrash bo‘yicha Safina Sa’dullayeva 1,87 metr balandlikka sakragan holda mamlakatda hamon tengsiz ekanini isbotladi. Erkaklar orasida Vadim Chikalov 2,13 metr natija bilan zafar quchdi. U20 yosh toifasidagi ushbu yo‘nalishda Emiliya Rudina va Devdas Ismoilov mamlakat chempioniga aylandi. Kattalar o‘rtasida disk uloqtirishda Rashidbek Sodiqov, bosqon uloqtirishda Elina Silyamiyeva shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy oldi.

Yettikurash bo‘yicha Mohigul Arziyeva 4955 ochko bilan (kattalar), Farangiz Ro‘ziboyeva 4672 ochko jamg‘arib (U20) birinchi o‘rinni egalladi. 4x400 metr masofada o‘tgan aralash estafetada Qashqadaryo viloyati atletlari kattalar orasida finishga birinchi bo‘lib yetib keldi.
Namanganlik yosh yuguruvchilar U20 yosh toifasida barcha raqiblarini orta qoldirdi.

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA