Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yengil atletika: Konya bahslarida vakillarimiz muvaffaqiyati
16:21 / 2022-08-18

Konya shahrida poyoniga yetib borayotgan V Islom birdamligi o‘yinlarida qo‘lga kiritilgan yutuqlar, boy berilgan imkoniyatlarni sarhisob qilish, har bir sportchining ko‘rsatkichlarini tahlil etish asnosida zarur xulosalar chiqarish keyingi kompleks musobaqalardagi natijalarning yanada yaxshiroq bo‘lishini ta’minlashi shubhasiz.

Aytish joiz, Islom birdamligi o‘yinlarida yurtimiz yengil atletikachilari 4 ta oltin, 2 tadan kumush va bronza medallarini qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida 4-o‘rindan joy oldi. Bahrayn birinchi, mezbon Turkiya ikkinchi hamda kumush medallari evaziga bizdan o‘zib ketishga erishgan Marokash vakillari 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi. 

Mazkur o‘yinlarda yengil atletika sportida dunyo miqyosida yetakchi bo‘lgan bir qancha kuchli terma jamoalar ishtirok etdi. Ular orasida Olimpiada o‘yinlarida doim kuchlilar qatorida bo‘ladigan, ayniqsa qisqa va o‘rta masofalarga yugurish bo‘yicha eng kuchli bo‘lgan Afrika davlatlari, xususan Keniya, Uganda, Marokash, Jazoir, Kamerun, Nigeriya sportchilari ham bor edi. 

Bundan tashqari, to‘rt yillikning eng nufuzli turnirini medallarsiz yakunlamaydigan Qatar va Bahrayn kabi Osiyo yengil atletikasining gegemonlari ham mazkur musobaqada yurtdoshlarimizga raqiblik qilishdi.  

Konya o‘yinlarida iste’dodli yengil  atletikachimiz Sharifa Davronova uch hatlab sakrashda oltin medalga musharraf bo‘ldi. 15 yoshli qizimiz Osiyo chempioni Mariya Yefremova, Osiyo o‘yinlari g‘olibi Maria Natalia Londa, Olimpiada o‘yinlari ishtirokchisi Roksana Xudoyorova kabi yetakchi sportchilarni ortda qoldirayotgani mamlakatimizda iqtidorli sportchilarni saralash, ularga zarur shart-sharoitlar yaratish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar samarali kechayotganligini anglatmoqda. 

Ko‘pchilikning diqqatida bo‘lgan yana bir voqea balandlikka sakrash bahslarida kuzatildi. Unda g‘oliblik uchun raqobat o‘zbek sportchilari orasida kechdi. Tajribali Svetlana Radzivil hamda yosh, umidli sportchimiz Safina Sa’dullayeva boshqa davlatlarning sportchilariga 3-o‘rin uchun musoqalashish imkoniyatini qoldirdi. Kutilganidek, Safina 1.97 metrlik natija bilan o‘zining shaxsiy rekordini yaangilash barobarida chempionlikni tantana qildi.  Radzivil esa kumush medal egasiga aylandi. 

Tajribali sportchimiz Suhrob Xo‘jayev bosqon uloqtirish dasturida 71.87 metrlik natija bilan eng yaxshi bo‘lishga erishdi. 

Mamlakatimiz madhiyasi yangrashiga sabab bo‘lgan yana bir voqea uzunlikka sakrash bahslarida kuzatildi. 8.01 metr natija qayd etgan Anvar Anvarov g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Holbuki, mashg‘ulotlar chog‘ida u bundan-da yaxshiroq natija qayd etgandi. 

Yana bir yosh sportchimiz Farida Soliyeva 400 metrga yugurish dasturida 54.07 soniya natija qayd etib o‘zining shaxsiy rekordini o‘rnatdi. Farida mazkur natija bilan musobaqaning kumush medaliga ega chiqdi. Shuningdek, Roksana Xudoyorova, Nargiza Qo‘chqorova kabi sportchilarimiz ham sovrinli o‘rinlari bilan medallar jamg‘armasini boyitdi. 

T.Ro‘ziyev, O‘zA