Shu kunlarda Serbiya poytaxti Belgrad shahrida yengil atletika bo‘yicha yopiq inshootlardagi jahon chempionati bahslari bo‘lib o‘tmoqda.
Belgraddagi “Shtark Arena” majmuasida o‘tayotgan musobaqada 137 ta mamlakatning 680 nafar sportchisi qatnashmoqda. Shundan 372 nafari erkak va 308 nafari ayol sportchilar.
Tokio Olimpiadasining 12 nafar g‘olibi hamda jahon yengil atletikasining bir qator rekordchilari qatnashayotgan mazkur nufuzli musobaqada O‘zbekiston terma jamoasining ikki nafar a’zosi ishtirok etmoqda.
19 mart kuni balandlikka sakrash bahslarida uch karra Osiyo o‘yinlari g‘olibi Svetlana Radzivil hamda Tokio-2020 Olimpiadasi finalchisi Safina Sa’dullayeva medallar uchun kurash olib borishdi.
Olimpiya o‘yinlari hamda jahon chempionatlarining g‘oliblari bilan kechgan murosasiz bahslar yakuniga ko‘ra, Safina Sa’dullayeva 1.92 metr natija bilan jahon chempionatini 6-o‘rinda, Svetlana Radzivil esa 1.88 metr bilan 10-o‘rin bilan yakunlashdi.
Mazkur yo‘nalishda g‘oliblik 2.02 metr balandlikni zabt etgan ukrainalik Yaroslava Maxuchixga nasib etdi. 2-o‘rin – 2.00 metr ko‘rsatkich qayd etgan avstraliyalik Eleonor Patterson va 3-o‘rin – 1.98 natija ko‘rsatgan qozog‘istonlik Nadejda Dubovitskayaga tegishli bo‘ldi.
Jahon chempionatining mazkur dasturida 50 nafarga yaqin sportchilar qatnashganligini nazarda tutsak, vakilalarimizning egallagan o‘rinlari e’tiborli bo‘ldi, deyish mukin.
Jahon chempionati bahslari 20 martga qadar davom etadi.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA