Shu kunlarda AQSHning Yujin shahrida yengil atletika bo‘yicha 18-jahon chempionati davom etmoqda.
Dunyoning 190 dan ziyod davlatidan 2 ming nafarga yaqin sportchi qatnashayotgan chempionatda hamyurtimiz Safina Sa’dullayeva jahon chempionatidagi ishtirokini muvaffaqiyatli boshlaganligi haqida xabar bergandik.
Tokio-2020 olimpiya o‘yinlari ishtirokchisi Sa’dullayeva yengil atletikaning balandlikka sakrash yo‘nalishida “A” kvalifikatsiya guruhida qatnashib, final yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan edi.
Kecha, 19 iyul kuni ushbu yo‘nalishda final musobaqalari bo‘lib o‘tdi. Murosasiz kurashlar natijasiga ko‘ra, sovrinli o‘rinlar avstraliyalik Elinor Peterson, ukrainalik Yaraslava Maguchix va italiyalik Yelena Vallrtigaraga nasib etdi. Safina Sa’dullayeva 1.89, 1.93, 1.96 metr balandliklarni zabt etib, jahon chempionatini beshinchi o‘rinda yakunladi.
Aytish joiz, medallarga egalik qilgan sportchilar 2,02, 2,00 ko‘rsatkichga ega bo‘lishdi.
Hamyurtimiz 1.98 metr uchun birinchi harakati omadsiz o‘tgach, ushbu balandlikni o‘tkazib yubordi va zaxirada qolgan 2 urinishni 2 metr balandlik uchun ishlatishni tanladi. Biroq, yakunda ushbu urinish ko‘ngildagidek chiqmadi.
Lekin nima bo‘lganda ham Sa’dullayevaning jahon chempionatini kuchli beshlikda yakunlashi kelgusi musobaqalar, ayniqsa Parij-2024 yo‘lida o‘ziga xos natijasi bo‘ldi, deyish mumkin.
Yujinda joriy yilning 15 iyulida boshlangan jahon chempionatida 49 ta medallar jamlanmasi o‘ynalmoqda. Bugungacha ularning 25 tasida g‘olib va sovrindorlar nomi ma’lum bo‘ldi.
Qolgan 24 ta yo‘nalishning natijalari 24 iyulgacha aniq bo‘ladi.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA