Yevropa komissiyasi bolalar va o‘smirlarni internet muhitidagi kibernetik tazyiq va turli tahqirlardan himoya qilishga qaratilgan yangi harakat rejasini e’lon qildi. Bu haqda “Montsame” axborot agentligi yozgan. Mazkur tashabbus orqali yosh avlodning ruhiy salomatligi muhofazasini kuchaytirish ko‘zda tutilgan.
Yangi loyihaning asosiy maqsadi – kiber tazyiqqa duch kelgan bolalarga yordam ko‘rsatadigan maxsus raqamli xizmat yaratish. YeK tomonidan tayyorlanayotgan mazkur ilova Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar tomonidan milliy xizmat tizimiga joriy qilinishi mumkin.
Tashabbuskorlar voyaga yetmaganlarni himoya qilish uchun “Raqamli xizmat to‘g‘risidagi qonun” ijrosi bo‘yicha yaratilgan qo‘llanmani ham qayta ko‘rib chiqmoqda. Bundan buyon internet platformalari bolalar zararli axborotga kirishini cheklash, xavfli kontent haqida tezkor xabar berish mexanizmini takomillashtirish va umumiy nazoratni kuchaytirish bo‘yicha qo‘shimcha choralar ko‘rishi lozim.
Ta’kidlanishicha, ushbu reja bolalar uchun xavfsiz raqamli muhitni shakllantirish, ularning ruhiy barqarorligini qo‘llab-quvvatlash barobarida, internet makonida mas’uliyatni oshirishga ham xizmat qiladi.
D.Hakimov, O‘zA