25 iyul kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Vladimir Norov “Afg‘oniston: xavfsizlik va iqtisodiy taraqqiyot” xalqaro konferensiyasida ishtirok etish uchun mamlakatimizga tashrif buyurgan Yevropa Ittifoqining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Tomas Niklasson bilan uchrashdi.
Yuqori darajadagi mehmon T.Niklasson YeI Prezidentimizning Markaziy Osiyoda do‘stlik, ishonch va o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha mintaqaviy siyosati va tashabbusini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi.
Shuningdek, mintaqada qisqa muddatda tarixiy o‘zgarishlar ro‘y berayotgani, oliy darajadagi siyosiy muloqot mustahkamlanib, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar aloqa yanada kengayib borayotgani alohida qayd etildi.
Muloqot chog‘ida O‘zbekiston va YeI o‘rtasidagi hamkorlikning dolzarb masalalari ham muhokama qilindi. Tomonlar o‘zaro kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimning tasdiqlanganini olqishladi, mazkur hujjatni imkon qadar tezroq imzolash zarurligini bir ovozdan ma’qulladi. Shuningdek, dasturga muvofiq Afg‘onistondagi mavjud vaziyat yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
[gallery-8040]
T.Niklassonning ta’kidlashicha, Bryussel O‘zbekistonning afg‘on muammosini hal etishdagi siyosiy-diplomatik sa’y-harakati va alohida o‘rnini yuqori baholaydi.
Yevropa tomoni Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro konferensiya o‘z vaqtida o‘tkazilayotganini ma’lum qildidi. Ishtirokchilarning yuksak saviyasi yurtimizning muhim o‘rni, afg‘on muammosini hal etishdagi sa’y-harakati e’tirof etilishidan dalolat berishi ta’kidlandi.
– Toshkentda Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakil va elchilar o‘rtasida bo‘lib o‘tadigan uchrashuvda ishtirok etish maqsadida O‘zbekistonga tashrif buyurganimdan mamnunman, – dedi YeIning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili T.Niklasson. – Tashqi ishlar vaziri bilan ertangi bo‘lajak konferensiya bo‘yicha umumiy manfaatlar va afg‘on xalqini qo‘llab-quvvatlashga oid ayrim masalalarni ko‘rib chiqdik.
Uchrashuvda kutilayotgan uchrashuv Toshkent siyosatining izchilligi, afg‘on zaminida tinchlik o‘rnatishga salmoqli hissa qo‘shishi yuzasidan fikr bildirildi. Afg‘onistonga gumanitar yordam ko‘rsatish bo‘yicha xalqaro ko‘p funksiyali transport-logistika xab faoliyatiga yuqori baho berildi.
Ulug‘bek Mahmirzayev, Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA