Yevropa Ittifoqi Rossiyaga nisbatan qo‘llangan sanksiyani 2027-yil 24-fevralgacha cho‘zdi. Bu haqda YeI rasmiy jurnali veb-saytida e’lon qilindi. Qaror darhol kuchga kirgan.
- Rossiyaning noqonuniy harakatlari xalqaro huquq bilan bog‘liq asosiy me’yor, xususan kuch ishlatishni taqiqlash sharti... yoki xalqaro gumanitar huquq talabiga zid, - deya ta’kidlangan bayonotda. RF qoidani buzishda davom etarkan, YeI tomonidan qo‘llangan barcha choralarni saqlab qolish maqsadga muvofiqdir.
Darvoqe, Prezident Emanuel Makron aynan 24-fevral kuni Rossiya - Ukraina urushi boshlanganiga to‘rt yil to‘lishi munosabati bilan “Xohlovchilar koalitsiyasi” uchrashuvini tashkil qilmoqchi.
- Muloqotdan ko‘zlangan maqsadi Ukrainada tinchlikni ta’minlash uchun birlashgan 30 dan ziyod davlatning birgalikdagi ishini kuchaytirishdir, - deyilgan xabarda.
Fransiya tashqi ishlar vaziri Jan-Noel Barro bu haqda YeI Tashqi ishlar kengashining bugungi yig‘ilishidan oldin jurnalistlarga ma’lum qildi. U sheriklar Ukrainani qo‘llab-quvvatlashda davom etishi, RFga bosim yanada kuchaytirilishini ta’kidlagan.
Bundan tashqari mulozim Yevroittifoqning Rossiyaga qarshi 20-sanksiya to‘plami ham tayyor bo‘lgani, gap faqat navbatdagi cheklov tartibi qachon joriy etilishida qolganini aytdi. “Shu nuqtai nazardan, hamma o‘z majburiyatiga rioya qilishi kerak”, deya qo‘shimcha qilgan Barro.
S.Rahimov, O‘zA