Bugun Lyuksemburgda bo‘lib o‘tadigan yig‘ilishda Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar vazirlari tomonidan Rossiyaga qarshi to‘xtab qolgan 19-sanksiya paketini tasdiqlash, shuningdek Kiyevga harbiy va moliyaviy yordam ko‘rsatish mavzusi ko‘tariladi.
YeI joriy yil avgust oyida so‘nggi cheklov chorasini muhokama qila boshlagan, Bryussel munozara sentyabr oyida yakunlanishiga umid bildirgan edi. Kelishuv Vengriya va Slovakiya qarshiligi tufayli to‘xtab qolgan. Hozir ushbu sanksiya to‘plami a’zo davlatlar doimiy vakillari bilan texnik muhokamadan o‘tkazilmoqda.
- YeI Kengashi Rossiyaga bosimni kuchaytirish, jumladan navbatdagi sanksiya to‘plami doirasida soya floti faoliyatini cheklash chorasini ko‘rish, RFning gibrid faoliyatiga qarshi turish masalasini ko‘rib chiqadi, - deyilgan yig‘ilish kun tartibi to‘g‘risidagi bayonotda.
Avvalroq, YeK 2027 yilgacha Rossiyadan suyultirilgan tabiiy gaz importini taqiqlash, turli import-eksport choralarini qo‘llash, bank sektori va kripto valyutaga qarshi hamda ayrim shaxs va tashkilotlarga nisbatan sanksiyani o‘z ichiga olgan yangi cheklovlar bo‘yicha taklif kiritgan. Shuningdek, ko‘hna qit’a kompaniyalariga RF hududidagi maxsus iqtisodiy zonalarga sarmoya kiritish, Rossiya samolyoti va kemalarini sotilgandan keyin besh yil davomida qayta sug‘urtalash, Yevropa sub’ektlariga harbiy texnika sotishda foydalaniladigan YeIga a’zo bo‘lmagan portlar bilan biznes yuritishni taqiqlash ham rejalashtirilgan. Ushbu chora-tadbirlar, hatto, turizm sektori va YeI davlatlaridagi rossiyalik diplomatlar faoliyatiga ham ta’sir qilishi mumkin.
S.Rahimov, O‘zA