Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
YeI nimani rejalashtiryapti?
18:36 / 2023-12-12

Yevropa Ittifoqi Rossiya hisobidagi 15 milliard yevroni Ukrainaga o‘tkazish qarorini e’lon qildi. Tabiiyki, muzlatilgan aktivdan tushgan daromadni Kiyevga berish uchun YeI barcha a’zo davlatlari roziligi kerak.

Bryussel tayyorlagan rejaga ko‘ra, Rossiyaning Yevropa Ittifoqi doirasida muzlatilgan mablag‘idan olingan foydadan keyinchalik 15 milliard yevrogacha miqdorni Ukrainaga o‘tkazish maqsadi himoya qilinishi lozim. Bu haqda “Financial Times” xabar berdi.

Sanksiya ostidagi Rossiya bilan bog‘liq bu masala qizg‘in munozaraga sabab bo‘lgan. Hatto, YeI va AQSH o‘rtasida ham ayni masalada kelishmovchilik bor, deb yozgan nashr munozaradan xabardor manbalarga tayanib.

– Rossiyaga tegishli mablag‘dan Ukrainani qo‘llab-quvvatlash uchun qanday foydalanish mumkinligini ko‘rib chiqish muhim, – dedi Yevropa savdo komissari Valdis Dombrovskis. – Bu yerda gap faqat Rossiya Markaziy banki aktivi haqida ketyapti. Yevropa komissiyasi birinchi navbatda muzlatilgan aktivdan olingan foydani alohida hisob varag‘iga joylashtirishni talab qiladi. Ikkinchi bosqichda foyda Ukrainani qo‘llab-quvvatlash uchun YeIning umumiy byudjetiga o‘tkaziladi.

Yevrokomissiya hisob-kitobiga ko‘ra, bu operatsiya yiliga 3 milliard, 2023-2027 yillar oralig‘ida esa 15 milliard yevrogacha daromad keltirishi mumkin. Aniqlik kiritilishicha, tegishli muddatdagi aniq miqdor foiz stavkasiga bog‘liq.

Mazkur rejani amalga oshirish uchun barcha a’zo davlatlar g‘oyani bir ovozdan qo‘llab-quvvatlashi shart. Binobarin, 14-15 dekabr kunlari bo‘lib o‘tadigan YeI sammiti arafasida Vengriya YeKning Ukrainaga byudjetdan 50 milliard yevro yordam ajratish taklifiga qarshiligini ma’lum qilgan. Shunday ekan, muzlatilgan Rossiya aktividan olingan foydani Kiyevga o‘tkazish rejasini amalga oshirish bilan bog‘liq xavf ham mavjud.

K.Bekjonov, O‘zA