Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
YeI mudofaaga investitsiya jalb qilish bo‘yicha yo‘l xaritasini taqdim etadi
08:04 / 2025-09-02

Yevropa Komissiyasi yaqin haftalarda mudofaa sohasiga qo‘shimcha sarmoya kiritish nazarda tutilgan yo‘l xaritasi loyihasini tayyorlaydi, dedi YeI prezidenti Ursula fon der Lyayen Polshaga tashrifi chog‘ida.

— Mavjud muammolarni aniqlab, 2030 yilgacha maqsadli ko‘rsatkich va nazorat nuqtasi yordamida hal qilish yo‘llarini tahlil qilamiz, — degan u matbuot anjumanida.

Fon der Lyayen qo‘shimcha qilishicha, bu reja oktyabr oyi boshida Daniya raisligida bo‘lib o‘tadigan Yevropa Kengashi norasmiy yig‘ilishida muhokama qilinadi.

Iyun oyida Gaagadagi NATO sammitida ittifoqchilar 2035 yilga borib har yili asosiy mudofaa ehtiyoji uchun yalpi ichki mahsulotning 5 foizini ajratishga kelishib olgandi. AQSH Prezidenti Donald Tramp Shimoliy Atlantika alyansi sammitini “katta muvaffaqiyat” deb atadi, chunki o‘shanda Vashington shartnomasining jamoaviy mudofaa to‘g‘risidagi 5-moddasiga sodiqlik yana bir bor yakdil tasdiqlangan.

May oyida YeIga a’zo davlatlar maxsus kredit vositasi yaratishga kelishib oldi. Shu orqali qurol ishlab chiqarishni ko‘paytirish uchun 150 milliard yevro jalb etilishi kutilyapti. Umuman, Bryussel rejasida YeI davlatlari byudjetidan jami 650 milliard yevroga yaqin mablag‘ ajratish ko‘zda tutilgan.

Ma’lumki, joriy yil 19 mart kuni YeK “Yevropani qayta qurollantirish” yangi mudofaa strategiyasini taqdim etgan edi. Keyinchalik qator a’zo davlatlar noroziligi tufayli hujjat nomi "tajovuzkorlikdan xoliroq" — “Tayyorlik-2030”ga o‘zgartirildi. Mazkur strategiya asosida to‘rt yil davomida qurollanishga 800 milliard yevro sarflanishi mumkin.

S.Rahimov, O‘zA