Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
YeI mudofaa komissari: Raketa ishlab chiqarishni oshirishimiz kerak
10:22 / 2026-03-06

Yaqin Sharqdagi urush global qurol-yaroq ta’minot zanjiriga kuchli bosim o‘tkazayotgani Yevropa uchun jiddiy signaldir. Yevropa Ittifoqi mudofaa bo‘yicha komissari Andryus Kubilyus ta’kidlashicha, ko‘hna qit’a o‘z ehtiyoji va Ukraina talabini qondirish uchun raketa ishlab chiqarishni shoshilinch ravishda ko‘paytirishi shart.

Polshaga tashrifi chog‘ida Kubilyus Ukraina frontida ayniqsa havo mudofaasi tizimi uchun raketa tutgichlarga ehtiyoj juda yuqori ekanini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, dron va uzoq masofaga uchadigan 155 millimetrli artilleriya o‘q-dorisi ham muhim, ammo raketa ittifoqchilar uchun ta’minlanishi eng qiyin kechayotgan aslaha.

2025-yil davomida Ukrainaga yo‘llangan taxminan 2000 raketadan qariyb 900 tasi ballistik edi. Bunday qurolni yo‘q qilish uchun asosan “Patriot” kabi zamonaviy havo mudofaasi tizimi talab etiladi.

Faqat qish mavsumining o‘zida Ukraina armiyasiga taxminan 700 dona “Patriot” raketa tutgich kerak bo‘lgan. O‘tgan yil atigi 600 ta shu rusumdagi PAC-3 raketasi ishlab chiqarilgan. Ya’ni, AQSH bir vaqtda o‘z armiyasi, Ko‘rfaz davlatlari va Kiyev ehtiyojini to‘liq qondirishga qodir emas.

Vladimir Zelenskiy ham Amerika so‘nggi uch kun ichida Yaqin Sharqda Eron raketa va dronlarini yo‘q qilish uchun 800 dan ziyod raketa ishlatganini aytdi. Ukraina butun urush davomida ham buncha raketaga ega bo‘lmagan.

Polsha mudofaa vaziri Vladislav Kosinyak-Kamish esa bu holat Yevropa mudofaa sanoati mustaqilligini kuchaytirish zarurligini yana bir bor ko‘rsatganini iddao qilgan. Uning fikricha, AQSH ishlab chiqaruvchilari birinchi navbatda o‘z zaxirasi va Fors ko‘rfazi davlatlarini ta’minlashga ahamiyat beradi.

YeI ayni muammoni hal qilish uchun yangi moliyaviy mexanizm ishga tushirish harakatini qilyapti. Jumladan, Ukrainaga kelasi ikki yil uchun 90 milliard yevro kredit ajratilgan. Bu mablag‘ning salmoqli qismi harbiy xaridga yo‘naltirilib, asosan Yevropa va Ukraina ishlab chiqaruvchilaridan mahsulot sotib olish sharti beliglangan.

Mazkur ko‘makka hozircha Vengriya tomonidan veto qo‘yilgan. Shunga qaramay, Bryussel qit’a mudofaa sanoatini jadal rivojlantirish orqali raketa ishlab chiqarishni keskin oshirishga strategik vazifa sifatida qaramoqda.

Musulmon Ziyo, O‘zA