Yevropa Ittifoqi davlatlari rahbarlari Bryusselda yig‘ilishib, bo‘lajak muzokaralarning natijasiz yakunlanishiga yo‘l qo‘ymaslikka kelishib olishdi. Ular Kremlga bosimni yanada kuchaytirishga va Ukrainaga harbiy yordamni ko‘paytirishga qaror qilishdi. Shuningdek, ular allaqachon sulhdan keyin harakat rejasini ishlab chiqishmoqda.
Bryusselda vazirlar uchrashuvi yopiq tarzda bo‘lib o‘tgani aytilmoqda. Yevropa Ittifoqi mamlakatlari tashqi ishlar vazirlari va mudofaa vazirlari YeI Kengashida yig‘ilishgan va asosiy mavzu Ukrainada tinchlik o‘rnatish masalasi bo‘lganligi aytiladi.
– Bizning ustuvor vazifamiz so‘zsiz o‘t ochishni to‘xtatish bo‘lib qolaveradi, - degan Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili Kaya Kallas yakuniy matbuot anjumanida.
Uchrashuv ishtirokchilari Rossiya prezidenti Vladimir Putinni Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘lishga ko‘ndirish zarurligi haqida gapirishgan. Ular buni Putinning hozircha bu masalaga jiddiy yondoshmayotganini sabab qilib ko‘rsatishmoqda.
Ushbu yig‘ilishda to‘rt xil yo‘nalish doirasida Rossiyaga qarshi maksimal sanksiyalar paketi ma’qullangan va majlis ahli darhol boshqa yangi qabul qilinadigan sanksiyalarni muhokama qilishga o‘tishgan.
Germaniya tashqi ishlar vaziri Yoxann Vadeful yangi sanksiyalar xususida chuqurroq muhokama qilish zarurligini ta’kidlamoqda. Bu sanksiyalar orqali Yevropa Ittifoqi Putinga ziddiyatni to‘xtatishga ishora berishi kerak.
Bryusselga kelgan ko‘plab vazirlar, jumladan, Ukraina TIV rahbari Andrey Sibiga neft narxining yuqori chegarasini pasaytirish Rossiya Federatsiyasiga nisbatan eng samarali chora ekanligini aytgan. Biroq ushbu munozara ishtirokchilari o‘rtasida narxlarning chegarasi bo‘yicha fikrlar bir xil emas.
Kiyev neft narxini bir barrel uchun 30 dollargacha tubdan tushirishni taklif qilmoqda, Yevropa Ittifoqi esa faqat 50 dollarga tushirishga tayyor. Narxni Kiyev xohlayotgandek qilib tushirish uchun YeIning barcha a’zolarining bir ovozdan qo‘llab-quvvatlashi talab etiladi. Hozircha buning iloji yo‘q.
Bryusseldagi bu muzokaralarda Kremlga bosimni kuchaytirish bilan birga parallel ravishda Ukraina xavfsizlik masalalari ham muhokama qilingan. Kaya Kallas ushbu muhokamaning mazmuni haqida batafsil ma’lumot bermagan, biroq Belgiya mudofaa vaziri Teo Franken jurnalistlarga Buyuk Britaniya va Fransiya homiyligidagi "xohlovchilar koalitsiyasi" haqida gapirib o‘tgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu koalitsiyaga a’zo mamlakatlar shtab boshliqlari reja ishlab chiqmoqda va bu reja deyarli tayyor. Franken bu strategiyani ijobiy baholagan hamda Belgiyaning Ukraina hududidagi koalitsiyaga qo‘shilishini ham inkor etmagan.
Shu bilan birga, Yevropa Ukraina armiyasining jangovorligini oshirish va qurol-yarog‘ bilan ta’minlashga katta e’tibor bermoqda. Shuningdek Ukraina xavfsizligining asosiy kafolati qudratli armiya ekanligini ta’kidlamoqda.
– Rossiya tomonining muzokaralarda ishtirok etish borasida jiddiy niyati yo‘qligi sababli Yevropa Ukraina tomoniga imkon qadar ko‘proq harbiy yordam ko‘rsatish zarurligiga ishonch hosil qilmoqda, - degan Shvetsiya mudofaa vaziri Pol Yunson.
Ukraina TIV rahbari Andrey Sibiga jurnalistlarga bergan intervyusida Ukraina mudofaa sanoatini yanada rivojlantirish uchun yana 15 milliard yevro yetishmayotganini aytgan.
Muxbirlarning YeI bunday mablag‘larni qayerdan tezda topishi mumkin, degan savoliga Shvetsiya mudofaa vaziri Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan foydalanish mumkin, deb javob qaytargan. Biroq Yevropa Ittifoqi a’zolari bu masalada haligacha bir to‘xtamga kelishgani yo‘q.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/Y76PJi5SsL4" title="YEI kuchli bosim o‘tkazishga qaror qildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, Anvarxo‘ja Ahmedov, O‘zA