Yevrokomissiya Gruziyaga vizasiz tartibni bekor qilish bilan tahdid qilmoqda. Bu borada Tbilisiga rasmiy xat yuborilishi kutilyapti. Kavkaz davlati esa Yevropa Ittifoqining o‘ziga nisbatan “demokratiyadan chetlashish” haqidagi ayblovini inkor etmoqda.
YeI Gruziya hukumatiga bosimni kuchaytirib, 31 avgustgacha rasmiy maktub yuborish, vizani liberallashtirish jarayonini to‘xtatish ehtimolidan ogohlantirdi. Tuzilma Gruziyadan “demokratik tamoyildan ortga chekinish” sifatida baholanayotgan holatlarga barham berishni talab qilmoqda. Bu ehtimoliy cheklov seshanba kuni Bryusselda bo‘lib o‘tgan Tashqi ishlar vazirlari kengashi yig‘ilishida e’lon qilingan.
– Shu paytgacha Gruziya xalqiga zarar yetkazmaslik uchun jarayonga aralashmadik, chunki vizasiz rejim bekor qilinishi haqiqatan oddiy odamlarga ta’sir qiladi, – degan Tashqi siyosat bo‘yicha oliy vakil Kaya Kallas. – Binobarin, gap o‘zaro ishonch haqida ketyapti.
Yirik biznesmen Bidzina Ivanishvili ta’siridagi hukmron partiya – “Gruziya orzusi” mutasaddilari fikricha, YeI kelasi yil oktyabriga belgilangan mahalliy saylovlar arafasida jamoatchilikka bosim o‘tkazishga urinib, shu orqali natijaga ta’sir ko‘rsatmoqchi.
– Rossiya – Ukraina urushi boshlangandan buyon Gruziya YeI talablariga rioya qilmayapti, RFga qarshi sanksiyaga qo‘shilmay, mamlakatda “ikkinchi front” ochilishiga yo‘l qo‘ymadi, – deya vaziyatga oydinlik kiritgan Tbilisi meri, “Gruziya orzusi” partiyasi Bosh kotibi Kaxa Kaladze. – Yevropa tarafidagi muxolifat esa o‘tgan yil oktyabrida bo‘lib o‘tgan parlament saylovida yutqazdi.
Binobarin, YeI tarkibidagi mamlakatlar tashqi ishlar vazirlari orasida Gruziya fuqarolari uchun vizasiz rejimni to‘xtatish masalasiga qarash turlicha. Ayrimlar bu chora Gruziyada salbiy oqibatlarni yuzaga chiqarishidan xavotirda. So‘rov natijasiga ko‘ra, Gruziya aholisining 80 foizi YeIni qo‘llab-quvvatlaydi.
– Biz cheklov Gruziya xalqiga emas, balki tazyiq va ta’qib uchun mas’ul shaxslarga qaratilishi kerak, deb hisoblaymiz, – degan Polsha tashqi ishlar vaziri Radoslav Sikorskiy.
Yodingizda bo‘lsa, o‘tgan yil kuzda o‘tkazilgan saylov natijasi Gruziyada olti oydan ziyod davom etgan hukumatga qarshi keng qamrovli namoyishlarga sabab bo‘lgan edi.
YeI Gruziya hukumatining so‘nggi payt jurnalistlar va muxolifat vakillariga nisbatan qo‘llayotgan tazyiq siyosatidan jiddiy tashvish bildirmoqda. Faqat so‘nggi oylar ichida rasmiylar kamida yetti nafar muxolifat vakilini hibsga olgani aytilmoqda.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/NXSNielJbFk" title="YEI Gruziyani vizasiz rejimdan mahrum qilmoqchi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>K.Bekjonov, O‘zA