Navbatdagi yetti yillik byudjetni tayyorlash jarayonida Yevropa Ittifoqi uchun soddalashtirish asosiy shiorga aylangan. Ko‘hna qit’a auditorlar sudi esa qoidani haddan ziyod yengillashtirish milliardlab yevro mablag‘ ustidan nazorat zaiflashishiga olib kelishidan ogohlantirmoqda.
2028-2034 yillarga mo‘ljallangan yangi byudjetda ilm-fan va raqobatbardoshlik uchun 409 milliard yevro ajratish rejalashtirilgan. Bu umumiy miqdorning qariyb beshdan bir qismi. Auditorlar fikricha, aynan shu soha xato, ortiqcha to‘lov va puldan noto‘g‘ri foydalanish xavfi eng yuqori yo‘nalishlardir.
Yevrokomissiya prezidenti Ursula fon der Lyayen ikkinchi muddatida byurokratiyani kamaytirish va iqtisodiy raqobatni kuchaytirishni maqsad qilgan. Shu yo‘lda “omnibus” atalmish soddalashtirilgan qonunchilik majmuini ilgari surilmoqda. Tanqidchilar mazkur jarayon "soddalik" niqobi ostida hisobdorlikni qurbon qilishidan xavotirda.
Auditorlar sudining aniq pozitsiyasi bor: moliyaviy boshqaruvni yengillashtirish shaffoflik, samaradorlik va javobgarlikni kamaytirish hisobiga bo‘lmasligi kerak. Masalan, bir martalik moliyalashtirish mexanizmi qat’iy himoya choralarisiz joriy etilsa, jamoat mablag‘i noto‘g‘ri sarflanishi ehtimoli ortadi.
Xavotir faqat shu bilan cheklanmayapti. Yevrokomissiya vitse-prezidenti Tereza Ribera ham deregulatsiya chegaradan chiqsa, xarajat fuqarolar, soliq to‘lovchilar zimmasiga tushishini ta’kidlamoqda. Yevropa Parlamenti esa yangi qonunlarda “taxminiy hisob-kitob” ko‘payib, aniq nazorat mexanizmi zaiflashayotganidan ogohlantirdi.
Musulmon Ziyo, O‘zA