Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
YeI bilan hamkorlik rivojlanmoqda
21:56 / 2022-07-15

Ma’lumki, joriy yil 17-18 noyabr kunlari Samarqandda «Yevropa Ittifoqi - Markaziy Osiyo» barqaror o‘zaro bog‘liqlik masalasiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya va vazirlar darajasidagi uchrashuv o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Mazkur nufuzli anjumanga tayyorgarlik jarayoni bilan tanishish uchun Yevropa tashqi harakatlar xizmati Sharqiy hamkorlik, Rossiya, Kavkaz va Markaziy Osiyo bo‘yicha boshqaruvchi direktori o‘rinbosari Lyuk Devin boshchiligidagi delegatsiya Toshkentda bo‘ldi.

Samarqand konferensiyasi 2021 yil dekabrda qabul qilingan YeIning «Global darvoza» nomli yangi strategiyasi doirasidagi o‘zaro bog‘liqlik bo‘yicha tashkil etiladigan birinchi mintaqaviy konferensiya hisoblanadi. Forum YeIning 2019 yilda qabul qilingan Markaziy Osiyo bo‘yicha strategiyasida keltirilgan barqarorlik, taraqqiyot va mintaqaviy hamkorlik maqsadlarini hayotga tatbiq etishga ko‘maklashuvchi umumiy konsepsiya bo‘yicha ichki-tashqi mintaqalararo muloqot uchun o‘ziga xos platforma bo‘lib xizmat qiladi. Shu bilan birga Markaziy Osiyo mamlakatlariga modernizatsiya jarayonida, investitsiyani rag‘batlantirish, raqamlashtirishda yordam ko‘rsatish, mintaqalararo ichki savdoni, transport hamda savdo yo‘llarini diversifikatsiyalashda ko‘mak berish borasida YeI sa’y-harakatining bir qismidir.

Har yili o‘tkaziladigan «YeI - Markaziy Osiyo» vazirlar darajasidagi uchrashuvda Markaziy Osiyoning besh davlati tashqi ishlar vazirlari hamda Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili - Yevropa komissiyasi raisi o‘rinbosari Jozep Borrel va xalqaro hamkorlik bo‘yicha YeI komissari Yutta Urpilaynen ishtirok etadi. Bu YeI va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash imkonini beradi.

Janob Lyuk Devin mamlakatimizga tashrifi doirasida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish, Tashqi ishlar, Investitsiyalar va tashqi savdo, Transport, shuningdek, Innovatsion rivojlanish vazirlari o‘rinbosarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
Yevropa Ittifoqi O‘zbekiston bilan 1991 yildan, mamlakat mustaqillikka erishgandan boshlab aloqa o‘rnatgan. YeI birinchi navbatda iqtisodiy rivojlanish, samarali boshqaruv, raqamli transformatsiya, yashil o‘sish, barqaror qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sektorini samarali rivojlantirishga ko‘maklashish maqsadida O‘zbekistonga moliyaviy yordam ko‘rsatmoqda.

G‘.Xonnazarov, O‘zA