Yevropa Ittifoqi 2027 yilgacha Rossiya energiyasidan to‘liq voz kechish rejasi ijrosini tezlashtirmoqda.
Energetika bo‘yicha komissar Dan Yorgensen Bryusselda jurnalistlarga bergan bayonotida “kelishuv tez orada amalga oshadi” deya ishonch bildirdi. U AQSH energetika kotibi Kris Rayt bilan uchrashuvdan so‘ng, ayniqsa, rus suyultirilgan gazi (LNG)ni rad etish masalasida Vashington bilan yaqindan hamkorlik qilinayotganini ta’kidladi.
Iyul oyida imzolangan Transatlantik savdo kelishuviga ko‘ra, YeI uch yilda 750 milliard dollarlik AQSH energiya mahsuloti xarid qiladi. Shu tariqa Qo‘shma Shtatlar YeIni RF importini tezroq to‘xtatishga undamoqda.
Komissiya 2026 yil yanvardan yangi shartnomani taqiqlash, iyungacha qisqa muddatli kelishuvlarni, 2027 yil oxirigacha esa uzoq muddatli bitimalarni bekor qilish taklifini kiritgan.
Avstriya, Vengriya, Slovakiya kabi Rossiyaga bog‘liq davlatlar bu tashabbusga qarshi chiqmoqda. YeK rahbari Ursula fon der Lyayen Yevropa parlamentida so‘zlagan nutqida “Moskvaga bosimni kuchaytirish, ko‘proq sanksiya belgilash va ayniqsa fosil yonilg‘isidan tezroq voz kechish zarur” deya qat’iy bayonot berdi.
Mutaxassislar ushbu qaror YeIni RFdan kechib, AQSHga qaram qilishi mumkinligidan xavotir bildirgan. Masalan, Bolgariyaning sobiq ekologiya vaziri, tahlilchi Yulian Popov shunday deydi:
– Rossiya gazini uzish axloqiy jihatdan to‘g‘ri, ammo bu shunchaki AQSHga qaramlikka aylanmasligi kerak. Haqiqiy yechim – qayta tiklanuvchi energiya va samaradorlik.
Shuningdek, ayrim Yevropa qonunchilari YeI AQSHni rozi qilish uchun ekologiya qonunlari borasida yon berishidan xavotir olyapti. Yashillar partiyasi deputati Yutta Paulus ta’kidlashicha, agar AQSH kompaniyalari uchun istisno qilinsa, boshqa importchilar ham tegishli talab qo‘yadi. Natijada YeIning Metan to‘g‘risidagi qonuni “tishsiz” hujjatga aylanadi.
Ko‘hna qit’a Rossiyadan energiya mustaqilligini tezroq qo‘lga kiritmoqchi. Bu jarayon Yevropaning yashil kelajagi va AQSHga qaramlik o‘rtasidagi nozik muvozanatni sinovdan o‘tkazmoqda. Agar Bryussel o‘z iqlim majburiyatidan chekinmasa, asosiy yechim – qayta tiklanuvchi energiyani jadal rivojlantirish bo‘lib qolaveradi.
Musulmon Ziyo, O‘zA