Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
YEI Afgʻon ayollarining Oʻzbekistonda oʻqishi uchun taʼlim grantlarini moliyalashtiradi
21:53 / 2020-08-05

Bu haqda BMT TD matbuot xizmati maʼlum qildi.


Yevropa Ittifoqi va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta-maxsus taʼlim vazirligi bilan hamkorlikda afgʻon ayollari mamlakatimizda oʻqishi uchun 2020-yil taʼlim grantlariga ariza berish jarayonini davom ettirmoqda. Bu haqda BMT TD matbuot xizmati maʼlum qildi.

Tanlov mezoniga koʻra, talabgorlar ingliz tili, biologiya va kimyo asoslari, shuningdek, ingliz tilida yozma testni muvaffaqiyatli topshirishi hamda tanlov komissiyasi aʼzolari bilan intervyudan oʻtishi talab etiladi.

Gʻoliblar birinchi oʻquv yilida oʻzbek tili, ingliz tili, kimyo va biologiya fanlaridan asosiy kurs boʻyicha tahsil oladi. Talabalar til, biologiya va kimyo boʻyicha boshlangʻich tayyorgarlikdan soʻng agronomiya ixtisosligi boʻyicha “TVET” dasturi asosida tahsil ola boshlaydi. Ushbu grant dasturi uch yil, 2020-yil sentyabrdan 2023-yil mayga qadar davom etadi. Bu vaqt davomida talabalar Termiz shahridagi Afgʻoniston fuqarolarini oʻqitish taʼlim markazida yashaydi.

Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirining birinchi oʻrinbosari Oʻktam Salomovning taʼkidlashicha, Oʻzbekiston qoʻshni, doʻst Afgʻoniston zaminida tinchlikni qoʻllab-quvvatlaydi. Ushbu ezgu ish Markaziy Osiyo mintaqasida barqaror rivojlanishga erishishda muhim hisoblanadi. Agronomiya sohasida texnik va kasbiy taʼlimi (TVET) dasturi orqali kasbiy mahoratini oshirishni istagan 12 yillik oʻrta maktab guvohnomasiga ega afgʻonistonlik ayollar taʼlim granti bilan taqdirlanadi.

– Gender tengligi hamda xotin-qizlar huquq va imkoniyatlarini kengaytirish nafaqat insonning asosiy huquqi, balki mamlakatni rivojlantirish va ravnaq toptirishning oqilona milliy strategiyasi hamdir, – dedi BMT Taraqqiyot dasturining Oʻzbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska. – Grant dasturi Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtiriladi va BMT TD tomonidan amalga oshiriladi. Bu yangi transchegaraviy tashabbus boʻlib, afgʻonistonlik ayollarga Markaziy Osiyodagi universitetlarda tahsil olish orqali malaka oshirish va oʻzlarini professional tomondan kashf etish imkonini beradi.

Eslatib oʻtamiz, uch bosqichni oʻz ichiga oladigan ariza qabul qilish jarayoni 2020-yil 15-avgustga qadar davom etadi. Dastur va qabul jarayoni bilan bogʻliq barcha tafsilotlardan quyidagi havola orqali xabardor boʻlish mumkin: https://edu.uz/uz/pages/afghan_women_TVET_grants.