Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
YeCHL: "Real"da g‘alaba, "Bavariya"da ilk mag‘lubiyat, "Liverpul"da esa inqiroz davom etadi
11:24 / 2025-11-27

Futbol bo‘yicha Yevropa Chempionlar ligasining umumiy guruh bosqichi 5-tur bahslari yakunlandi.

Mazkur turda Madridning “Real” klubi safarda “Olimpiakos” jamoasiga qarshi o‘yin o‘tkazdi. Gollarga boy kechgan uchrashuvda “qirollik” klubi 4:3 hisobida g‘alaba qozondi. Ahamiyatlisi, “Real Madrid”ning barcha gollariga Kilian Mbappe mualliflik qildi.

Turning markaziy o‘yini sifatida qayd etilgan “Arsenal” — “Bavariya” bahsi 3:1 hisobida yakunlandi. Uchrashuvning 22-daqiqasida Timber standart vaziyatdan hisobni ochgan bo‘lsa, oradan 10 daqiqa o‘tib, myunxenliklar safida harakat qilgan Karl hisobni tenglashtirdi. Biroq, ikkinchi bo‘limda Noni Madueke hamda Gabriel Martinellining gollari “Arsenal”ning ishonchli g‘alabasini ta’minladi.

So‘nggi turlarda muvaffaqiyatsiz ishtirok etayotgan “Liverpul” o‘z uyida Niderlandiyaning “PSV” klubiga 1:4 hisobida mag‘lubiyatga uchradi. “PSJ” esa “Tottenxem” ustidan 5:3 hisobida zafar quchdi. Diyego Simeone boshchiligidagi “Atletiko Madrid” o‘z maydonida Italiyaning “Inter” klubini qabul qilib, 2:1 hisobida ustun keldi.

Shuningdek, ushbu turda “Ayntraxt Frankfurt” — “Atalanta” 0:3, “Sporting Lissabon” — “Bryugge” 3:0, “Kopengagen” — “Kayrat” 3:2 va “Pafos” — “Monako” 2:2 hisobida yakunlandi.

Shu tariqa, 5-tur natijalariga ko‘ra, “Arsenal” ochkolarini 15 taga yetkazgan holda umumiy guruh bosqichi jadvalida yakka peshqadamga aylandi. “PSJ”, “Bavariya”, “Inter” va “Real Madrid” klublari bir xil — 12 ochko bilan kuchli beshlikka kirdi.

“Borussiya Dortmund”, “Chelsi”, “Sporting Lissabon”, “Manchester Siti” va “Atalanta” 10 ochkodan to‘plab, 6–10-o‘rinlarni egalladi. Hisobida 9 ochko bo‘lgan “Nyukasl”, “Atletiko Madrid”, “Liverpul” va “Galatasaroy” jamoalari 11–14-pog‘onalarda qayd etildi. “PSV”, “Tottenxem” va “Bayer” 8, “Barselona”, “Qorabog‘” hamda “Napoli” 7 ochko to‘plab, 15–20-o‘rinlarni egallab turibdi.

Jadvalning 21–35-o‘rinlarida “Marsel”, “Yuventus”, “Monako”, “Pafos”, “Yunion Sent-Jilluaz”, “Bryugge”, “Atletik Bilbao”, “Ayntraxt Frankfurt”, “Kopengagen”, “Benfika” va “Slaviya Praga”, “Budyo-Glimt”, “Olimpiakos”, “Vilyarreal” va “Kayrat” joy olgan. “Ayaks” esa hali-hanuz ochkosiz oxirgi o‘rinda qolmoqda.

Chempionlar ligasining 6-tur bahslari 9–10 dekabr kunlari o‘tkaziladi. Unda quyidagi uchrashuvlar bo‘lib o‘tadi:

9 dekabr:

“Kayrat” — “Olimpiakos”

“Bavariya” — “Sporting Lissabon”

“Monako” — “Galatasaroy”

“Atalanta” — “Chelsi”

“Tottenxem” — “Slaviya Praga”

“Yunion Sent-Jilluaz” — “Marsel”

“PSV” — “Atletiko Madrid”

“Inter” — “Liverpul”

“Barselona” — “Ayntraxt Frankfurt”

10 dekabr:

“Qorabog‘” — “Ayaks”

“Vilyarreal” — “Kopengagen”

“Bryugge” — “Arsenal”

“Yuventus” — “Pafos”

“Benfika” — “Napoli”

“Bayer” — “Nyukasl”

“Atletik Bilbao” — “PSJ”

“Real Madrid” — “Manchester Siti”

“Borussiya Dortmund” — “Budyo-Glimt”

Javohir Toshxo‘jayev,

O‘zA