Uch kun davom etgan futbol bo‘yicha Yevropa Chempionlar ligasining umumiy bosqichi ilk tur uchrashuvlari o‘z yakuniga yetdi.
Milliy terma jamoamiz a’zosi Abduqodir Husanov birinchi turda “Manchester Siti” klubi tarkibida muvaffaqiyatli ishtirok etdi. Xosep Gvardiola shogirdlari YeCHL musobaqasining dastlabki turida Italiya chempioni “Napoli” bilan o‘ynadi.
Umuman olganda, uchrashuv mezbonlarning ustunligida o‘tdi. Uchrashuvda Erling Holand va Jeremi Doku tomonidan kiritilgan gollar evaziga 2:0 hisobida g‘alaba qozondi. Shuni ta’kidlab o‘tish lozimki, “MS” hujumchisi E.Holand ushbu o‘yinda gol urgan holda tarixiy natija qayd etdi.

Gap shundaki, E.Holand Chempionlar ligasidagi 49-uchrashuvida o‘zining 50-golini kiritdi va musobaqa tarixida 50 ta gol urish uchun eng kam o‘yin o‘tkazgan futbolchi sifatida rekord o‘rnatdi.
Avvalgi rekord “Manchester Yunayted” va “Real” safida o‘ynagan Ruud van Nistelroyga tegishli bo‘lib, niderlandiyalik forvardga Chempionlar ligasida 50 ta gol urish uchun 62 ta o‘yin kerak bo‘lgan edi.

Endi esa “Napoli”ga qarshi o‘tgan uchrashuvda to‘liq o‘ynagan hamyurtimiz Abduqodir Husanov qayd etgan statistikaga e’tibor qaratamiz. Abduqodir bahs davomida jamoadoshlariga umumiy 79 ta pas berdi. Ularning 78 tasi aniq yetib bordi va bu yo‘nalish bo‘yicha "Manchester Siti" safidagi eng yaxshi futbolchi bo‘ldi. Shuningdek, cityxtra.co.uk (https://cityxtra.co.uk/) sayti ekspertlari futbolchimizning harakatlarini 7.5 ballga loyiq ko‘rdi.
YeCHL musobaqasining ilk turi yakuniga ko‘ra, "Ayntraxt Frankfurt", "PSJ", "Bryugge", "Sporting Lissabon", "Yunion Sent-Jilluaz", "Bavariya", "Inter", "Arsenal", "Manchester Siti", "Qorabog‘", "Liverpul", "Barselona", "Real Madrid" va "Tottenxem" jamoalari 3 ochkoni qo‘lga kiritdi va 1-14 o‘rinlardan joy oldi.
O‘tgan bellashuvlarda "Borussiya Dortmund", "Yuventus", "Bayer", "Budyo-Glimt", "Slaviya Praga", "Kopengagen", "Olimpiakos" hamda "Pafos" jamoalari durang natija qayd etib, bir ochko jamg‘argan holda gollar nisbatiga ko‘ra 15-22 o‘rinlarga taqsimlandi.

Shuningdek, "Atletiko Madrid", "Benfika", "Marsel", "Nyukasl", "Vilyarreal", "Chelsi", "PSV", "Atletik", "Ayaks", "Napoli", "Kayrat", "Monako", "Galatasaray", "Atalanta" klublari mag‘lubiyat evaziga ochkosiz qolib, quyi o‘rinlarga joylashdi.
Endi Yevropa chempionlar ligasining ikkinchi tur uchrashuvlari 30 sentyabr – 1 oktyabr kunlari bo‘lib o‘tadi. Unda quyidagi uchrashuvlar tashkil etiladi.
30 sentyabr, (soat 21:45)
"Kayrat" – "Real Madrid"
"Atalanta" – "Bryugge"
30 sentyabr, (soat 23:59)
"Pafos" – "Bavariya"
"Chelsi" – "Benfika"
"Inter" – "Slaviya Praga"
"Galatasaray" – "Liverpul"
"Atletiko Madrid" – "Ayntraxt Frankfurt"
"Marsel" – "Ayaks"
"Budyo-Glimt" – "Tottenxem"
1 oktyabr, (soat 21:45)
"Qorabog‘" – "Kopengagen"
"Yunion Sent-Jilluaz" – "Nyukasl"
1 oktyabr, (soat 23:59)
• "Borussiya Dortmund" – "Atletik"
• "Barselona" – "PSJ"
• "Monako" – "Manchester Siti"
• "Bayer" – "PSV"
• "Arsenal" – "Olimpiakos"
• "Vilyarreal" – "Yuventus"
• "Napoli" – "Sporting Lissabon"
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA