Futbol bo‘yicha Yevropa Chempionlar ligasining umumiy guruh bosqichi 5-tur bahslari o‘tkazildi. Unda bir qator kutilmagan natijalar qayd etildi.
O‘zbekistonlik futbol muxlislari uchun alohida ahamiyatga ega bo‘lgan “Manchester Siti” – “Bayer” o‘rtasidagi o‘yinda Abduqodir Husanov asosiy tarkibda maydonga tushdi. Afsuski, uchrashuvda “Manchester Siti” o‘z maydonida raqibga 0:2 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘ydi.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi himoyachisi Abduqodir Husanov ushbu o‘yinda hujumkor o‘yin ko‘rsatishga intilishi bilan ajralib turdi. Garchi 65-daqiqada zaxiraga olingan bo‘lsa-da, futbolchimiz bahs mobaynida 63 marotaba aniq pas uzatdi, 3 marta raqibdan to‘pni olib qo‘ydi va bir marotaba “tozalash” harakatini bajardi. Shuningdek, duellarda 3 marta, havodagi raqobatda 1 marotaba g‘olib chiqdi. Uning ushbu harakatlari “Sofascore” nashri tomonidan 6,7 ballga baholandi.

Turning markaziy bahslaridan biri “Chelsi” va “Barselona” uchrashuvi bo‘ldi. Unda Enso Mareska boshchiligidagi “Chelsi” o‘z maydonida Flik qo‘l ostidagi “Barselona”ni 3:0 hisobida mag‘lub etdi.

Ushbu bahsning 27-daqiqasida Jyul Kunde o‘z darvozasini ishg‘ol qilgan bo‘lsa, ikkinchi bo‘limning 55-daqiqasida Estevao “Barselona” himoyasini yorib o‘tib, hisobni 2:0 ko‘rinishiga keltirdi. Shuningdek, Liam Delap 73-daqiqada “Chelsi”ning uchinchi goliga mualliflik qildi.
Joze Mourino boshchiligidagi “Benfika” safarda “Ayaks” bilan kuch sinashdi va 2:0 hisobida zafar quchdi. “Galatasaroy” esa o‘z maydonida “Yunion”ga 0:1 hisobida mag‘lub bo‘ldi. “Yuventus” safarda “Budyo-Glimt” jamoasini 3:2 hisobida yengdi. “Napoli” – “Qorabog‘” bahsi 2:0 hisobida yakunlandi. “Marsel” esa 46- va 50-daqiqalarda Per-Emerik Obameyang tomonidan kiritilgan gollar evaziga o‘z uyida “Nyukasl”ni 2:1 hisobida mag‘lub etdi.
“Borussiya Dortmund” jamoasi “Vilyarreal” darvozasiga javobsiz 4 ta gol urdi. “Slaviya Praga” – “Atletik” uchrashuvida hisob ochilmadi.
Bugun, 26 noyabr kuni “Kopengagen” — “Qayrat”, “Pafos” — “Monako”, “Olimpiakos” — “Real Madrid”, “Liverpul” — “PSV”, “PSJ” — “Tottenxem”, “Atletiko Madrid” — “Inter”, “Ayntraxt Frankfurt” — “Atalanta”, “Sporting” — “Bryugge”, “Arsenal” — “Bavariya” uchrashuvlariga guvoh bo‘lamiz.

Darvoqe, ushbu o‘yinlar orasida “Arsenal” – “Bavariya” va “Atletiko” – “Inter” qarama-qarshiligi markaziy uchrashuvlar sifatida e’tirof etilmoqda. Mazkur bahslar Toshkent vaqti bilan tungi soat 01:00 da boshlanadi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA