Futbol bo‘yicha Yevropa chempionlar ligasi umumiy bosqichining 6-turidan o‘rin olgan barcha o‘yinlar o‘z yakuniga yetdi.
Jumladan, turning markaziy bahsida “Real Madrid” va “Manchester Siti” jamoalari raqobatlashdi. Unda Pep Gvardiola shogirdlari 2:1 hisobida zafar quchdi. Bellashuvning 26-daqiqasida Rodrigo mezbonlarni hisobda oldinga olib chiqqan bo‘lsa, oradan sakkiz daqiqa o‘tgach, Niko O’Rayli hisobni tenglashtirdi. Tanaffus arafasida esa Erling Holand 11 metrlik jarima zarbasini aniq amalga oshirib, jamoasiga muhim g‘alaba keltirdi.

Ayni damda musobaqa jadvalida birinchi pog‘onada turgan Mikel Arteta qo‘l ostidagi “Arsenal” klubi mehmonda “Bryugge”ni yirik — 3:0 hisobida mag‘lub etdi. Uchrashuvdagi gollarga Noni Madueke dubl va Martinelli mualliflik qildi.
Amaldagi chempion “PSJ” esa safarda “Atletik Bilbao”ga qarshi o‘ynadi. Uchrashuv nursiz durang bilan yakunlandi. “Yuventus” klubi esa o‘z uyida “Pafos”ni 2:0 hisobida taslim etdi. Germaniyada tashkil etilgan “Bayer” – “Nyukasl” va “Borussiya Dortmund” – “Budyo-Glimt” to‘qnashuvlari 2:2 hisobida yakunlandi.

Portugaliyadagi bahsda Joze Mourino boshqarayotgan “Benfika” 2:0 hisobida “Napoli”ni mag‘lubiyatga uchratdi. “Ayaks” safarda “Qorabog‘” klubini 4:2 hisobida yengdi.
Yevropa chempionlar ligasining guruh bosqichi 6-tur o‘yinlari yakuniga ko‘ra, “Arsenal” 18 ochko bilan jadvalda hamon yetakchilik qilayotgan bo‘lsa, “Bavariya” 15 ochko bilan ikkinchi, “PSJ” esa 13 ochko to‘plab, kuchli uchlikdan joy olgan. “Manchester Siti” va “Atalanta” klublari hisobida ham 13 tadan ochko bor va ular gollar nisbatiga ko‘ra 4–5 pog‘onalarda qayd etilmoqda.

“Inter”, “Real Madrid”, “Atletiko Madrid” va “Liverpul” kabi jamoalar 12 ochko to‘plab, 6-9-o‘rinlarga taqsimlangan bo‘lsa, “Borussiya Dortmund” va “Tottenxem” 11 ochko jamg‘arib, keyingi o‘rinlarni band etdi. Hisobida 10 ochko bo‘lgan “Nyukasl”, “Chelsi”, “Sporting”, “Barselona” 12–15, ochkolari 9 taga yetgan “Marsel”, “Yuventus”, “Galatasaroy”, “Monako” va “Bayer” 16–20-pog‘onadan joy olgan. Jadvalning 21-o‘rnidan “PSV” joy olgan. “Qarabog‘”, “Napoli”, “Kopengagen” 7, “Benfika”, “Pafos”, “Yunion Sent-Jilluaz” 6, “Atletik” va “Olimpiakos” 5 ochko evaziga 22-29 o‘rinlarda bormoqda.
YeCHL musobaqasida muvaffaqiyatsiz ishtirok etayotgan “Ayntraxt”, “Bryugge” bitadan g‘alaba va durang qayd etgan holda 30–31 o‘rinlarni band etdi. O‘tgan oltita turda 3 ochko to‘plashga ulgurgan “Budyo-Glimt”, “Slaviya Praga” va “Ayaks”, bor-yo‘g‘i 1 ochkoga ega “Vilyarreal” va “Qayrat” klublari jadvalning quyi pog‘onasidan joy olgan.
Darvoqe, YeCHL umumiy guruh bosqichining 7-tur bahslari 2026 yilning 20–22 yanvar kunlari bo‘lib o‘tadi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA