Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
YeCHL: 7-turdan keyin qaysi klublar keyingi bosqichni hal qildi?
10:42 / 2026-01-22

Futbol bo‘yicha Yevropa chempionlar ligasi umumiy bosqichining 7-turidan o‘rin olgan barcha uchrashuvlar o‘z yakuniga yetdi.

Mazkur turning so‘nggi kungi bahslarida “Galatasaroy” o‘z uyida “Atletiko Madrid” jamoasi bilan 1:1 hisobida durang o‘ynagan bo‘lsa, “Bavariya” 2:0 hisobida “Yunion”ni taslim etishni uddaladi. Bellashuvdagi ikkita gol ham Harri Keyn tomonidan kiritildi.

“Chelsi” hamda “Pafos” jamoalari o‘rtasidagi o‘yin 1:0 hisobida yakunlandi. “Marsel” mezboni bo‘lgan “Liverpul” raqib darvozasiga javobsiz 3 ta gol urdi va safardan muhim g‘alaba bilan qaytdi. "Barselona" safarda "Slaviya Praga" bilan kuch sinashib, 4:2 hisobida g‘olib bo‘ldi.  

Shuningdek, “Atletik Bilbao” – “Atalanta” 3:2, “Nyukasl” – “PSV” 3:1, "Yuventus" – "Benfika" 2:0 hisoblari qayd etildi.

Yevropa chempionlar ligasining guruh bosqichi 7-tur o‘yinlari yakuniga ko‘ra, “Arsenal” 21 ochko bilan jadvalda hamon yetakchilik qilayotgan bo‘lsa, “Bavariya” 18 ochko bilan ikkinchi, “Liverpul” va “Real Madrid” 15 ochko jamg‘argan holda 3-4 o‘rindan joy oldi. “Tottenhem” esa 14 ochko bilan kuchli beshlikni yakunlab berdi.

Hisobida bir hil 13 tadan ochko bo‘lgan “PSJ”, “Nyukasl”, “Chelsi”, “Barselona”, “Sporting”, “Manchester Siti”, “Atletiko Madrid” va “Atalanta” klublari gollar nisbatiga ko‘ra, 6–13 pog‘onalarda qayd etilmoqda. “Inter” va “Yuventus” 12, “Borussiya Dortmund” 11, “Galatasaroy” hamda “Qorabog‘” 10 ochko bilan keyingi o‘rinlarda joylashdi.

“Marsel”, “Monako” va “Bayer” 19–21-pog‘onadan joy olgan. Jadvalning 21-o‘rnida “PSV” bormoqda. “Atletik”, “Olimpiakos”, “Napoli” hamda  “Kopengagen” 8 ochko to‘plab, 22-26 pog‘onalarni band etdi. “Bryugge” esa 7 ochko bilan 27-o‘rinda. “Budyo-Glimt”, “Benfika”, “Pafos”, “Yunion” va “Ayaks” 6 ochko evaziga 28-32 o‘rinlarda bormoqda.

YeCHL musobaqasida muvaffaqiyatsiz ishtirok etayotgan “Ayntraxt”, “Slaviya Praga”, “Vilyarreal” va “Qayrat” klublari jadvalning quyi pog‘onasidan joy olgan.

Shuni ta’kidlab o‘tishimiz lozimki, YeCHL musobaqasining joriy mavsumida Angliyaning "Arsenal", "Liverpul", "Tottenhem", "Nyukasl", "Chelsi" va "Manchester Siti" klublari umumiy bosqich yakuniga bir tur qolganida pley-offga chiqishni kafolatladi.  

Darvoqe, ular orasida "Arsenal" allaqachon to‘g‘ridan-to‘g‘ri 1/8 finalga yo‘l olgan. Qolgan APL jamoalari esa hozircha pley-offning saralash bosqichiga chiqishi ta’minlandi.  

Javohir Toshxo‘jayev,

O‘zA