Pillachilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasiga qarashli Yaylov xo‘jaliklarini rivojlantirish uyushmasi tashabbusi bilan o‘tkazilgan matbuot anjumanida soha mutaxassislari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Anjumanda Yaylov xo‘jaliklarini rivojlantirish uyushmasi raisi Erkin Hayitov Prezidentimiz farmon va qarorlari ijrosi doirasida sohada amalga oshirilayotgan ishlar va ularning ahamiyati, mavjud muammolar va ularni bartaraf etish chora-tadbirlari haqida batafsil ma’lumot berdi.
Ta’kidlanishicha, Prezidentimizning 2020 yil 2 sentyabrdagi farmoniga ko‘ra, Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasiga 17 million 416 ming gektar yer ajratilgan. Bu hududlarda 53 ta klaster tashkil etilgan. Joriy yilda mazkur klasterlar faoliyatini namunali yo‘lga qo‘yish orqali sohada 16 ming tonna go‘sht, 16 ming 500 tonna jun, 6 ming 600 tonna jundan ip-kalava, 3 ming 400 kvadrat metr kiygiz, 329 ming kvadrat metr qo‘lda to‘qilgan jun gilamlar, 666 ming dona sifatli, rang-barang qorako‘l terilar hamda 227 tonna dorivor o‘simlik – kavrak xom ashyosi ishlab chiqarish belgilangan. Shuningdek tizimda 154 ta yangi loyihalarni ishga tushirish va mavjud korxonalarda modernizatsiya ishlari uchun 318 million dollar miqdoridagi investitsiya mablag‘lari o‘zlashtiriladi. Eng muhimi mana shu islohotlar natijasida tarmoqda doimiy va mavsumiy ishlovchilar soni 92 ming kishidan oshadi.
Yaylovlardan yangi davr talabiga ko‘ra, foydalanishga o‘tish nafaqat chorvani ko‘paytirishga, o‘sha hududlarda yashayotgan aholi turmush darajasini ko‘tarish, tizimda ishlab chiqarish ko‘lamini yanada kengaytirish, eksport salohiyatni oshirish imkoniyatini yaratadi. O‘lkamizning juda katta qismini egallagan yaylovlar, qir-adirlar, bepoyon cho‘l hududlarida bebaho boylik – o‘zbek qorako‘l qo‘ylari ko‘paytirilmoqda.
Naslchilik ishlari, ilmiy tadqiqotlar davom etmoqda. Markazdan necha yuzlab kilometr uzoqlikda, olis otarlarda yashab, cho‘ponlik tayog‘ini e’zozlab kelayotgan zahmatkash odamlar hayotini to‘kin, barakali bo‘lishi albatta tabiatga, yilning nechog‘lik yog‘inli bo‘lishiga ham bog‘liq.
Chunki cho‘l giyohlari, o‘t-o‘lanlar, qo‘ytikan, yantoq singari o‘nlab, yuzlab o‘simliklar borki, ular har qancha qurg‘oqchilikka chidamli bo‘lmasin, obi-hayotga, suvga tashna, ana shu sababli ham o‘z taqdirini qorako‘lchilik bilan bevosita bog‘lagan cho‘ponlarni osmonga qaragan odamlar deb aytishadi. Osmon bu yog‘ingarchilik, osmon bu cho‘ponlar uchun to‘kinlikdir.
Anjumanda Erkin Hayitov ta’kidlaganidek, uyushma tomonidan olib borilayotgan islohotlar, xayrli sa’y-harakatlar tizimdagi muammolarni bartaraf etgan holda innovatsion tamoyillarga ko‘ra ishlab chiqarishni yanada takomillashtirishdan iborat bo‘lmoqda. Uyushma raisi tizimda yuqori malakali mutaxassislar ishlayotgani, ular zamonaviy texnologiyalarga tayangan holda xorij bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga intilayotganini alohida ta’kidladi.
– Bilasiz, qo‘y junidan to‘qiladigan afg‘on gilamlari dunyo bozorida, xususan Yevropada juda xaridorgir, – dedi Erkin Hayitov. – Ana shu holat bizni qo‘shni afg‘onistonlik tadbirkorlar bilan uzviy aloqa o‘rnatishga undadi. Afg‘onistondan zotdor qo‘chqorlar olib kelish, shu orqali sanoat talabiga mos keladigan jun beruvchi qo‘ylar podasini yaratishga ham kirishdik. Klasterlar, xo‘jaliklarga tegishli otarlarda jundan sifatli mahsulotlar tayyorlash, ana shu maqsadda kichik korxonalar tashkil etishga kirishildi. Aslida bu oddiy jarayon emas, balki katta shaharlardan farqli ravishda aholi tarqoq joylashgan hududlarda jun va terini qayta ishlash korxonalarini ko‘paytirish orqali qo‘shimcha qiymat zanjirini yaratish, yangi ish o‘rinlari deganidir. Cho‘l bag‘rida, markazdan juda olisda yangi ish o‘rni yaratish tom ma’noda qahramonlikdir. Prezidentimiz tomonidan sohaga berilayotgan beqiyos e’tiborni bugun oddiy cho‘pon ham qorako‘lchilik tizimidagi mutaxassislar ham yaqqol sezib turibdi. Shu o‘rinda yana bir gapni aytib o‘tishim kerak, yaqinda yevropadan bir guruh mehmonlar keldi.
Yangiliklarni ko‘rsatdik, rejalarni aytdik. Yaylovlarimiz holatiga ular yuqori baho berdi. Kelgusida yaylovlarni yanada boyitish, ulardan samarali foydalanish borasidagi takliflarimizga katta qiziqish bildirildi. Ayni chog‘da hukumat topshirig‘iga ko‘ra, yana bir muhim masala – kovrak o‘simligi, uni ko‘paytirish, yig‘ish va qayta ishlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ilgari ham yaylovlardan kovrak terib olingan, ammo bu ish tartibsiz bajarilgan. Bebaho cho‘l ne’mati sanalgan kovrakdan davlat, jamiyat kutilganidek manfaat topmagan. Endilikda kovrak masalasi, uni qayta ishlash, eksport qilish, bir so‘z bilan aytganda bu borada ham qo‘shimcha qiymat zanjirini yaratish davlat e’tiboriga tushdi. Biz bugun kovrakchilikni yangi pog‘onaga ko‘tarish, har bir jarayonni nazoratga olishga alohida e’tibor qaratganmiz. Shu yilning o‘zidayoq Buxoro, Jizzax, Samarqand va Surxondaryo viloyatlarida kavrak bo‘yicha aholi bilan kooperatsiya asosida hamkorlikda ishlovchi klasterlar tashkil etish, keyingi to‘rt yil ichida bu ekin turini 30 ming gektar yerda madaniy holda yetishtirish, shu tariqa 14 ming 210 kishini doimiy ish bilan ta’minlash ko‘zda tutilgan. Joriy yilda esa 6 ming gektar yerda kavrakzorlar tashkil etiladi.
Anjumanda uyushma raisi va mutasaddilar jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob berdi. Kelgusidagi rejalar ham aytib o‘tildi.
– Joylarda amalga oshirilayotgan islohotlar, o‘zgarishlarni o‘z ko‘zimiz bilan ko‘raylik desangiz, cho‘ponlar hayot tarzi, qayta ishlash korxonalari faoliyati, klasterlar shijoati sizlarni qiziqtirsa, marhamat press-tur uyushtirsak bo‘ladi. O‘ylaymanki, shu orqali yangi qahramonlarni, yaylov bahodirlari, qorako‘lchilik fidoyilarini kashf etasiz, – dedi uyushma raisi. Bu taklif ko‘pchilikka ma’qul keldi va yaylov xo‘jaliklari bilan ommaviy axborot vositalari xodimlarining hamkorligi press-tur shaklida davom etadigan bo‘ldi.
Abdunabi Aliqulov, O‘zA