Mamlakatimizdagi yaylovlar strategik ahamiyatga ega bo‘lib, mintaqamizda ekologik muvozanatni saqlash va shu hududda yashovchi aholining ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan turmush darajasini yaxshilashda yagona tabiiy manba hisoblanadi.
Keyingi yillarda Prezidentimizning yaylovlardan foydalanish samaradorligini oshirishga qaratilgan bir qator farmon va qarorlari qabul qilindi.

Shunga ko‘ra, Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasi va “Yaylov xo‘jaligini rivojlantirish” uyushmasi tomonidan yaylovlardan foydalanish, ularning holati yomonlashib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik, mayda shoxli nasldor mollarni ko‘paytirish, klaster ishtirokchilari o‘rtasida kooperatsiya aloqalarini yo‘lga qo‘yish orqali xom ashyoni chuqur qayta ishlash va mahsulot ishlab chiqarishni tashkil etish bo‘yicha bir qator vazifalar belgilab olindi.
Xususan, davlatimiz rahbarining 2020 yil 2 sentyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida pillachilik va qorako‘lchilikni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida viloyatlarda qorako‘lchilik klasterlari tashkil etilib, xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar bilan kooperatsiya aloqalari yo‘lga qo‘yilgan.
Ayni kunlarda “Yaylov xo‘jaligini rivojlantirish” uyushmasi mas’ul xodimlari rahbarligidagi ishchi guruhlar qorako‘lchilik klasterlari hamda qorako‘lchilik-naslchilik jamiyatlari tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishish, yuzaga kelgan kamchiliklar va muammolarni bartaraf qilish maqsadida respublikamiz bo‘ylab o‘rganish olib bormoqda.

Jumladan, ishchi guruh Qashqadaryo viloyatining G‘uzor va Dehqonobod tumanlarida faoliyat olib borayotgan qorako‘lchilik-naslchilik jamiyatlari va klaster rahbarlari bilan uchrashdi. Uchrashuvda joriy yilda ishga tushirilishi rejalashtirilgan investitsion loyihalarning bajarilishi, eksport, bandlik, qorako‘lchilik jamiyatlarida amalga oshirilayotgan ishlar, qishlovga tayyorgarlik ishlarining borishi muhokama qilindi.
Shuningdek, Buxoro viloyatida o‘rganish ishlari olib borildi. Buxoro viloyati Shofirkon tumanidagi “G‘alaba” va G‘ijduvon tumanidagi “Ko‘kcha” mas’uliyati cheklangan jamiyatlarida qishlov mavsumiga tayyorgarlik, dag‘al va kuchli ozuqalar jamg‘arish, mavjud chorvachilik binolari va suv inshootlarini ta’mirlash ishlari o‘rganildi.
Samarqand viloyati Nurobod tumanida faoliyat yuritib kelayotgan “Nurli el chorvadori” MCHJ faoliyati bilan yaqindan tanishildi. MCHJ tomonidan mayda shoxli mollarni qishlov mavsumiga tayyorlash holati tahlil qilindi. Shuningdek, qorako‘lchilik klasterlari tomonidan ishga tushirilgan mahalliy investitsion loyihalarning borishi, mahsulotlar eksporti va bandlikni ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha o‘rganish ishlari olib borildi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA