“Yemagan somsaga pul to‘lash” degan gap bor. Ammo Zomin tumanida bu ibora deyarli haqiqatga aylanishiga sal qoldi.
Fuqaro I. B. o‘z nomiga 29,6 million so‘m miqdorida jarima yozilgani yuzasidan "Zomin tumangaz ta’minoti" ga murojaat qildi. O‘rganishlar davomida ma’lum bo‘lishicha, gaz ta’minoti xodimi boshqa fuqaroga qarashli choyxonada foydalanilgan tabiiy gaz uchun tuzilgan dalolatnomani mutlaqo aloqasi bo‘lmagan xonadon nomiga rasmiylashtirgan.
Noto‘g‘ri hisob-kitob fuqaroning shikoyatidan so‘ng qayta ko‘rib chiqildi. Jarima bekor qilinib, qarzdorlik qayta hisoblandi. Mazkur holatga yo‘l qo‘ygan xodim bilan "Zomin tumangaz ta’minoti" o‘rtasidagi mehnat shartnomasi bekor qilindi.
Bir qarashda oddiy xatodek tuyulishi mumkin. Ammo gap 29,6 million so‘m haqida ketyapti. Eng muhimi — fuqaroning hushyorligi va murojaati adolat tiklanishiga asos bo‘ldi. Aks holda, “indamay yelka qisish” qimmatga tushishi mumkin edi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri