Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yaxshilikni shior bilganlar
10:18 / 2023-05-12

"Nuroniy" jamg‘armasi milliy matbuotimiz, mamlakatimizning madaniy-ma’rifiy, ijtimoiy hayoti rivojiga ulkan hissa qo‘shgan atoqli jurnalistlar xotirasini e’zozlash, ularning ijodiy merosini keng targ‘ib etish bo‘yicha tizimli ishlarni olib bormoqda.

Poytaxtimizning Olmazor tumanidagi "Barkamol avlod" bolalar markazi qoshidagi Qorasaroy mahalla kutubxonasida ustoz jurnalist, jamoat arbobi, mohir adib, "Toshkent oqshomi" va "Vecherniy Tashkent" gazetasi bosh muharriri Sa’dulla Karomatov tavalludining 95 yilligiga bag‘ishlab adabiy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.  

"Nuroniy" jamg‘armasi boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Sharof Ubaylullayev, jurnalist Solih Yoqubov, Fanlar akademiyasi asosiy kutubxonasi direktori Zuhra Berdiyeva, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Vazira Sobirova va boshqalar Sa’dulla Karomatovning hayoti va ijod yo‘li xususida batafsil so‘z yuritdilar.  

Mohir jurnalist, adib va tarjimon Sa’dulla Karomatov jamoat arbobi sifatida ham elga tanilgan edi.  

Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki, Sa’dulla Karomatov 1928 yil Buxoroda tug‘ilgan edi. O‘rta ma’lumotni ham shu yerda olib, 1949 yilda O‘rta Osiyo davlat universiteti — hozirgi Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining Filologiya fakultetini tugatgach, O‘zbekiston radiosida ishladi.  

Ustoz jurnalist "O‘zbekiston ovozi", "Toshkent oqshomi" va "Vecherniy Tashkent" kabi gazetalarning muharriri, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining kotibi ham bo‘lgan. Sa’dulla Karomatov mehnatlari yuqori qadrlanib, «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi» unvoniga munosib topilgan.  

Sa’dulla Karomatovning jurnalistik faoliyati 1954 yildan boshlandi. 60-yillarda u vaqtli matbuot sahifalarida ocherknavis sifatida ko‘rindi. 1963 yilda esa birinchi yirik nasriy asari - «Tog‘lar tabassumi» hujjatli povesti yaratildi. So‘ng «Amuning zar kokillari», «Go‘zallik ramzi», «Kumush kamar» singari ocherklar to‘plamlari bosmadan chiqdi. Shundan so‘ng ustoz jurnalist mohir hikoyanavis va qissanavis sifatida qalam tebratib, «Bir tomchi qon», «E’tiqod» (1970) kabi qissalarini yaratdi. Sa’dulla Karomatov so‘nggi yillarda geologlar hayotidan olib yozilgan «Oltin qum» va cho‘llarni o‘zlashtirayotganlarga bag‘ishlangan «So‘nggi barxan» romanlarini yaratgan edi.  

Sa’dulla Karomatov mohir tarjimon sifatida ham barakali qalam tebratib keldi. U Jyul Vernning «Suv ostida 8000 mil», turkman yozuvchisi Qilich Quliyevning «Qora karvon» romanlarini, eron yozuvchilarining hikoyalar to‘plamini, tojik yozuvchisi Yusuf Akobirovning «Tegirmon to‘xtagach» qissasini, Vadim Kojevnikovning «Peshin chog‘i kungay tomonda» romanini o‘zbek tiliga o‘girgan edi.  

Sa’dulla Karomatov uzoq yillar davomida "Toshkent oqshomi"  va "Vecherniy Tashkent" gazetalari tahririyatida bosh muharrir sifatida mehnat qildi.  O‘sha davrda gazeta poytaxtning ijtimoiy -iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy hayotiga oid eng dolzarb yangiliklar,  azim shahrimizning kundalik hayoti, muammolari, odamlarning  dardu  tashvishlarini dadil ko‘tarib chiquvchi haqqoniy minbarga aylanganini bugun tarixiy hujjatga aylangan gazeta taxlamlaridan ham, katta avlod vakillarining, ayniqsa yoshi ulug‘ jurnalistlarning samimiy e’tirofidan ham bilsa bo‘ladi. 

Bu jihatlar yosh gazetxon sifatida "Toshkent oqshomi"ni varaqlagan xotiralarimizda ham o‘chmas nur bo‘lib miltirab turgani rost. Ayni paytda bugun milliy jurnalistika, adabiyot, ijtimoiy-madaniy hayotimizda darg‘alarga aylangan ko‘plab ijodkorlar o‘z davrida Sa’dulla Karomatovdan ko‘p yaxshiliklar, e’tibor, rag‘bat ko‘rgan.  

Xotira tadbirida atoqli yozuvchi va jurnalist Sa’dulla Karomatovning ibratli faoliyati, serqirra ijodi, yorqin xotiralari yodga olindi.  

 

Nazokat Usmonova,  

O‘zA muxbiri