Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yaxshilik va tinchlik yo‘lida birlashib, dadil odimlayotgan tuzilma
10:05 / 2022-09-15

Bismillahir Rohmanir Rohim.

Buyuk mutafakkir va aziz avliyolar xoki qo‘nim topgan, osori-atiqalar fayz bag‘ishlab turadigan Samarqand bugun yana dunyo diqqat markazida bo‘lmoqda. Jahondagi eng nufuzli tuzilmalardan biri – Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitiga 2022 yil 15–16 sentyabr kunlari Samarqand shahri mezbonlik qilmoqda.

Insoniyat tarixida katta o‘rin tutadigan va xalqaro muloqot maydoniga aylanib borayotgan Samarqandda ilk bor bunday yirik xalqaro tadbirning o‘tkazilayotgani, albatta, butun diyorimiz ahli uchun katta faxrdir. Unda 15 davlat yetakchisi, o‘ndan ortiq xalqaro tashkilot vakillari, dunyoning ko‘zga ko‘ringan ekspert va siyosatshunoslar mazkur sammitda ishtirok etishi kutilmoqda.

Davlatimiz Rahbarining «Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammiti: o‘zaro bog‘liqlikdagi dunyoda muloqot va hamkorlik» sarlavhali maqolasi e’lon qilindi. Jahon hamjamiyati tomonidan yuksak darajada e’tirof etilayotgan ushbu maqolaga ko‘plab xorijiy nashrlar munosabat bildirmoqda. Xususan, Kuvaytning yetakchi «Al-Anba», «Al-Nahor», «Tayms Kuveyt» gazetalarida Davlatimiz Rahbarining fikrlariga oid ijobiy chiqishlar e’lon qilindi. 

Maqolada qayd etilganidek, SHHT o‘z mohiyatiga ko‘ra, tinchlik, hamkorlik va taraqqiyot yo‘lida birlashishi ayirmachilik unsuridan xoli bo‘lgan jozibador makonga aylanishi lozim. Aniq dalillarga asoslangan ushbu maqolada «Bunday murakkab sharoitda bir haqiqat aniq: hech bir mamlakat yolg‘iz holda ushbu global xavf-xatarlarni chetlab o‘tish yoki bartaraf etishga qodir emas», deb ta’kidlagan davlatimiz rahbari.

HAMKORLIKNING YANGICHA RUHI VA MULOQOTNING O‘ZGACHA QIYOFASI

O‘tmishdan ma’lumki, hech bir davlat hamkorlarsiz tinchlikni asrab-avaylashga to‘la erisha olmaydi. 

Shu ma’noda O‘zbekistonning SHHTga raisligi davrida yaxshi natijalarga erishilganini alohida ta’kidlash barobarida Samarqandda Tashkilot faoliyatining yangi bosqichi boshlanishiga, hamkorlikning yangi amaliy ko‘rinishlariga tamal toshi bo‘lishiga ishonchimiz komil. SHHT sammiti oldidan Davlatimiz Rahbarining matbuotda e’lon qilingan maqolasida qadim-qadimdan Samarqand odamlarning tinch va farovon yashash, orzu-istaklarini ro‘yobga chiqarish, baxtli hayot kechirish kabi mushtarak maqsadlari mujassam bo‘lgani alohida qayd etildi. 

«Bu tabarruk zaminda yashaydigan har bir odam, yaxshi qo‘shni, bu – Xudo insonga ato etgan baxtning bir bo‘lagi ekanini, tinch-totuv qo‘shnichilik esa barakot manbai ekanini chuqur anglagan, – deb yozadi Davlatimiz Rahbari. – Zero, hamkorlik, savdo, ijod, ilm-fan va san’at, insoniy g‘oyalar ustuvor bo‘lgan joyda ezguliklar ko‘payadi, xalqlar farovon va o‘zaro ahil yashaydi. Bugun zamonaviy va jadal rivojlanayotgan infratuzilmalarga ega bo‘lgan Samarqandning bunday noyob jihatlari uni mintaqaviy va global xatarlarni birgalikda muhokama qilish, bu borada zarur yechimlarni izlab topish uchun eng qulay va maqbul maydonga aylantirmoqda».

Maqolada dunyoning turli joylarida davom etayotgan qurolli mojarolar savdo-investitsiya oqimlarini izdan chiqarib, oziq-ovqat va energetika xavfsizligini ta’minlash borasida muammolar yanada keskinlashib borayotgani haqida dolzarb fikr bildirilgan. Bu kabi muammolarni hech bir davlatning yakka o‘zi hal etolmasligi, buning uchun birdamlikda o‘zaro kelishib, jipslashish kerakligi qayd etilgan. Chunki har qanday muammo va masalani birgalikda, jipslashib hal qilish lozim.

Dunyoda kuzatilgan pandemiya davridagi holat ham hammaga ma’lum. Mamlakatlar yordam qo‘lini cho‘zishi, ayniqsa, davlatlar bir-biriga insonparvarlik yordamlari ila aholini qo‘llab-quvvatlashlari yanada kattaroq kulfatlardan saqlashga omil bo‘ldi.

Darhaqiqat, Islom dinida ham ming yillardan beri qoida bo‘lib kelayotgan yaxshilik va taqvo yo‘lida hamkorlik qilish, yomonlik va gunohda bir-biriga yordam bermaslik dinning asosiy g‘oyalaridan biri hisoblanadi. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: «Ezgulik va taqvo (yo‘li)da hamkorlik qilingiz, gunoh va adovat (yo‘li)da hamkorlik qilmangiz!..» (Moida surasi, 2-oyat).

Demak, yaxshi va ezgu ishlarda o‘zaro hamkorlik qilish hamda gunoh va adovatga sabab bo‘ladigan ishlarda boshqalarga yordam bermasdan, balki ularni to‘g‘ri yo‘lga boshlash – dinimiz talabidir. 

Rasululloh alayhissalom bu haqda bunday deganlar: «Yaxshilikka yo‘llovchi kishi o‘sha yaxshilikni qiluvchi kabidir» (Imom Termiziy rivoyati). Islom nazdidagi hamkorlik insoniyatga faqat saodat keltiradi. Agar insonlar shu hamkorlikni amalga oshirsalar, o‘zlari orzu qilayotgan taraqqiyot va baxt-saodatga erishadilar. Mo‘min-musulmonlar o‘zi yashab turgan jamiyatdagi barcha insonlarga naf keltirishga, ulardan zararni daf qilishga sa’y-harakat qiladi.

Ulug‘ sahoba Jobir roziyallohu anhu Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladi, ul zot: «Yaxshilik qilishning barchasi sadaqadir. Bir kishining ulovga minishida yordam berishing yaxshilik — ehson. Bir kishiga tabassum ila yaxshi so‘z aytishing ham yaxshilik, odamlarga aziyat beradigan narsani yo‘ldan olib tashlashing ham senga yaxshilik, ikki kishi o‘rtasida adolat bilan isloh qilishing yaxshilikdir. Moddiy yordamga muhtoj oilaga muruvvat qilishing ham sen uchun yaxshilikdir. Kishiga bu kabi yaxshiliklarni ado etgani uchun Alloh unga qalb musaffoligini beradi, qolaversa, ko‘p xayru savoblarga ega bo‘ladi, deganlar.

Darhaqiqat, musulmon kishi jamiyat uchun faqat yaxshilikni ravo ko‘rishi, yomonliklardan tiyilishi va boshqalarga aziyat berishdan uzoqda bo‘lishi kerak. Ayniqsa, musulmon kishi o‘ziga sevimli bo‘lgan narsani birodarlariga ham ilinishni yaxshi ko‘rishi, ya’ni ularga foyda keltirish va ulardan har qanday zararni daf qilishi lozimdir.

Ta’kidlash joizki, inqiroz va bo‘hronlar davrida mamlakatlar asosiy e’tiborni hamjihatlikka qaratishlari lozim. Zero, bu dunyoda barqaror, ishonchli va farovon taraqqiyotning eng muhim omilidir. Shanxay hamkorlik tashkiloti mana shunday keng qamrovli hamkorlikning yorqin namunasi sifatida dunyo maydoniga chiqdi.

 

TINCHLIKNI TARG‘IB QILISH...

O‘zbekiston mintaqada tinchlikni saqlash borasidagi tashabbuslarning doim oldingi safida bo‘lib kelgan. Ayniqsa, bugungi zamonaviy dunyoda qo‘shni Afg‘on muammosi davlatimizning doimiy e’tiborida. Mazkur maqolada ham muhtaram Prezidentimiz ushbu muammoga to‘xtalar ekan, «Bugun SHHT doirasida shakllangan mana shunday ijobiy va muvaffaqiyatli tajribadan Afg‘onistonni rivojlantirish masalasida ham foydalanish o‘ta muhim va dolzarbdir», deya ta’kidladi.

Qayd etish joizki, ushbu davlatda tinchlik o‘rnatish SHHTning barcha a’zolari uchun dolzarb masaladir. Afg‘oniston bilan o‘zaro munosabatlar, jafokash afg‘on xalqiga har tomonlama yordam berishni kuchaytirish bilan bog‘liq barcha masalalar hamon dolzarb bo‘lib turibdi. Alloh taoloning eng ulug‘ ne’matlaridan biri, bu – tinchlik. 

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan sahobalar ko‘proq nimani duo qilib so‘rashni savol qilishganda, ul zot: «Alloh taolodan ofiyat (tinchlik, xotirjamlik)ni so‘ranglar», degan so‘zlari bu ne’matlar nechog‘li muhim ekaniga dalolat qiladi. Yana bir hadisi sharifda Rasuli akram alayhissalom bunday deganlar: «Kim oilasi tinch, tani salomat va huzurida bir kunlik taomi bor holatda tong ottirsa, unga go‘yo dunyo to‘lig‘icha berilibdi» (Imom Buxoriy rivoyati).

Demak, dunyoda hayotning bir maromda davom etishi, xalqning Haq taolo buyurgan ishlarini mukammal va xotirjam ado etishlari uchun tinchlik-osoyishtalik lozim. Yaratgan Parvardigor Qur’oni karimda ana shu tinchlikni saqlash va qadrlash vazifasini inson zimmasiga yuklab, Islom dini tinchlikka targ‘ib qilishini, shaytoniy yo‘llarga ergashmaslik lozimligini ta’kidlab, bunday deydi: «Ey imon keltirganlar! Yoppasiga itoatga kirishingiz va shaytonning izidan ergashmangiz! Albatta, u sizlarga aniq dushmandir» (Baqara surasi, 208-oyat).

Hozirgi g‘oyat murakkab va tahlikali zamonda tinchlik-osoyishtalikning qadriga yetish, uni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash hamda mustahkamlash masalasi SHHT oldida muhim vazifa bo‘lib turibdi. 

Aytish kerakki, mazkur sammitni o‘tkazish uchun Samarqandning tanlanishida ham o‘ziga xos ramziy ma’no bor. Shubhasiz, ko‘hna va hamisha navqiron Samarqand Shanxay hamkorlik tashkiloti faoliyati samaradorligini oshirish bilan tarixning yangi sahifasini ochadi. 

Prezidentimiz: «Ko‘p asrlar mobaynida bu shahar Yevropadan Xitoygacha bo‘lgan mamlakatlarni mustahkam rishtalar bilan bog‘lab, Shimol va Janubni, Sharq va G‘arbni yagona chorrahada tutashtirgan» deganlarida ayni shu omillarni nazarda tutdi. Yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va ochiqlik muhitida mintaqaviy hamda global rivojlanishning dolzarb masalalari muhokamasini ko‘zda tutadigan «Samarqand ruhi»da o‘zining yaqqol ifodasini topgan.

SHHT sammiti arafasida buyuk muhaddis bobomiz Imom Buxoriy nomi bilan bog‘liq me’moriy majmua ulug‘ zotning Islom olamida tutgan mavqei va salohiyatiga mos tarzda qaytadan bunyod etilmoqda. Davlatimiz Rahbari ushbu nufuzli sammitga tayyorgarlik jarayonlarini ko‘zdan kechirish chog‘ida dastlab Imom Buxoriy maqbarasini ziyorat qilishlari, Qur’oni karim oyatlari tilovat qilinib, xayrli duolar qilinishi xalqimizning azaliy qadriyatlarining amaldagi yaqqol ifodasidir.

Alloh taolo mana shunday savobi ulug‘ ishlar va ezgu duolar barakotidan mazkur nufuzli sammitni butun dunyo xalqlari uchun muvaffaqiyatli o‘tishini nasib etsin.



Nuriddin domla XOLIQNAZAROV,

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy