Piskent tumanidagi “Kultepa” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi ijtimoiy xodim Munisa Shermatovada fuqarolarga nisbatan insonparvarlik, g‘amxo‘rlik va fidoyilikni ko‘rish mumkin.
Mahallada hozir 1 ming 66 ta oila, 4 ming 530 nafar aholi istiqomat qiladi. Ijtimoiy xodim M.Shermatova o‘z faoliyati davomida har bir xonadondan xabardor bo‘lish, ayniqsa, ehtiyojmand, nogironligi bo‘lgan, yolg‘iz yoki ijtimoiy himoyaga muhtoj insonlarga yordam berishni asosiy vazifasi deb biladi. U nafaqat ma’lumot yig‘ish bilan cheklanmay, balki har bir murojaatga shaxsiy e’tibor bilan yondashadi, zarur hollarda boshqa tashkilot va idoralar bilan hamkorlikda muammolarga yechim topadi.

Ikkinchi guruh nogironi Serbahor Abduqodirova hayotning qiyin sinovlaridan o‘tgan, so‘zlasha olmaydigan, insult va infarktni boshdan kechirgan bu inson hozir ijtimoiy xodimning ko‘magi bilan hayotga qayta ishonch bilan qaramoqda. U Munisa Shermatova yordamida chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tdi. Qarindoshlari bilan aloqalar tiklandi, bu esa ijtimoiy qo‘llab-quvvatlovning eng muhim jihatlaridan biri. Homiylar yordami asosida hassa bilan ta’minlandi.
Shu bilan birga, u sanatoriyda dam olish huquqiga ega bo‘ldi va 669 ming so‘m miqdorida kompensatsiya olishi ta’minlandi. Shu bilan birga bepul dori-darmon ta’minlanishi yo‘lga qo‘yildi. Ijtimoiy xodim assistenti biriktirilgani sabab kundalik ehtiyojlari yengillashdi. Bular oddiy xizmatlar emas, balki bir insonning hayotini quvonch, mehr va e’tibor bilan to‘ldirayotgan yondashuv natijasidir.

Bu Munisa Shermatovaning faoliyati misolida butun mahalla hayotida ijobiy o‘zgarishlar sari turtki bo‘layotganidan dalolatdir. U har kuni bir necha xonadonga kirib, ularning dardini tinglaydi, imkoniyat topib yordam ko‘rsatadi, kerak bo‘lsa, idoralar eshigini ham tinch qo‘ymaydi. Aslida yordam faqat moddiy ko‘mak emas. Bu quloq solish, yurak bilan his qilish, mehr bilan yondashish demak.
Munisa Shermatova kabi fidoyi xodimlar bor ekan, o‘ksik dillarda hayotga teran nigoh bilan boquvchi insonlar safi ortib boraveradi. Zero, erta kunga insondan faqat yaxshilik va ezgu amallar qoladi.
A.Musayev, O‘zA.