Bugunning mavzusi
Uy-ro‘zg‘or yumushlari bilan andarmon bo‘lib turganimda, eshik qo‘ng‘irog‘i bosildi. Ostonada rus millatiga mansub 20-25 yoshlar atrofidagi yigit jilmayib turardi.
U murojaat qilishdan oldin meni bezovta qilganligi uchun qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib uzr so‘radi. O‘zini tanishtirdi. Sekingina, judayam muloyim tarzda uning uyiga bizning oshxonadan suv o‘tayotganligini, agar imkonim bo‘lsa, shu muammoni hal etib berishimni so‘radi.
«Dom»chilik. Bu kabi muammolarga ko‘p duch kelganman. Mana shu muammoni aytish uchun eshigimni tepib kelib, ayolligimnida hurmat qilmasdan, men bilan tortishib ketgan erkaklarga guvoh bo‘lganman.
Qo‘shni yigitdan darhol uzr so‘radim. Bugunoq bu muammoni hal etishimni aytdim. Qo‘shni yigit ham ming istihola bilan mendan yana uzr so‘radi. Aslida bu kichik, asabiylashishga arziydigan masala emasligini ta’kidladi. Uni tinglaganim uchun minnatdorchilik bildirib, men bilan xayrlashdi.
Insonlarga muomala qilishda shirinso‘z bo‘lish ham katta ahamiyatga ega. Shirin so‘z vositasida inson qalbiga yo‘l topish mumkin. Atrofimizga e’tibor bilan nazar solsak, insonlar bir-birlariga muomala qilganlarida o‘sha insonning muomala madaniyatiga qarab yumshoq yoki qattiqroq gapiradi.
Insonga boshqa jonzotlardan farqli o‘laroq, o‘z maqsad va orzularini so‘z bilan ifoda etish baxti berilgan. Mehru sadoqati, atrofdagilarga nisbatan qanday fikrda ekanligi, qanday insonligini o‘z muomalasida bildiradi. Samimiy muomalada bo‘lish insonlarning bir-biriga bo‘lgan mehr-muhabbatni oshiradi. Inson o‘zining samimiy muomalasi bilan achchiq haqiqatlarni o‘z birodariga chiroyli tarzda yetkazib beradi.
Rivojlangan davlatlarda qovoq solib yurish, xo‘mrayish ko‘cha etikasiga zid va hurmatsizlik sanalar ekan. Ingliz, nemis, fransuz, ispan, italyan kabi xalqlar vakillari oddiy muloqotdan oldin, albatta, uzr so‘raydi va suhbat oxirida minnatdorchilik bildirishni unutmaydi.
O‘zaro suhbat davomida sizni mayin tabassum bilan siylab turadi. Bu «navbatchi» tabassumning foydasi katta. Ochiq yuzli odam hammada hamisha yaxshi taassurot qoldiradi. O‘zining tushkun qiyofasini, mahzun holatini boshqalarga ham ravo ko‘rish esa, go‘yoki o‘zining kasalini boshqalarga yuqtirishga o‘xshaydi. Sovuqqon, tund qiyofada muomalada bo‘luvchi kimsalar borasida Mirzo Abdulqodir Bedil shunday yozgan: «Yaxshilik izlama sovuq kishidan, muzlagan chechakning hidi juda kam».
Ingliz yuristi Metyu Xeyl 1692 yildayoq vorislariga muomala madaniyatiga oid o‘z tavsiyalarini yozib qoldirgan ekan. Uning ta’kidlashicha, agar ikkinchi shaxs qizishib ketib, sizning tomoningizga nomaqbul so‘zlar gapirsa, yaxshisi unga achining va jahl otiga minmang. Sukut yoki o‘ta boadab javob bunga eng yaxshi reaksiyadir. Ular yo shovqin soluvchini yumshatib, afsuslanishga majbur qiladi yoki unga jazoga aylanadi. Holat qanday tus olmasin, muloyimlik va xushmuomalalik o‘z asablaringizni asrashga yordam beradi, shuningdek, aqlli va dono inson sifatida qabul qilishlariga sabab bo‘lib, obro‘yingizni oshiradi.
Mutafakkir Alisher Navoiy ham «Kimning miyasida illat ko‘p bo‘lsa, so‘zida mantiq bo‘lmaydi. Miyasi sog‘lom bo‘lsa, gapi va so‘zi yoqimli, xatosiz bo‘ladi» deya ta’kidlagan.
– Ma’naviyatli inson kimga, nima haqda, qachon, qayerda, qanday qilib va qancha aytishni biladi hamda amal qiladi, shu asnoda obro‘ qozonadi, e’tiborga tushadi, – deydi yoshlikda ta’lim bergan ustozim Norbibi Hamroyeva. – Bir so‘z va bir xatti-harakat e’tirofga yoxud e’tirozga, nazarga yoxud hazarga, yaxshilikka yoxud vahshiylikka sababkor qilishi hech gap emas. Shundagina voizning o‘zi ham, so‘zi ham joiz bo‘ladi, suhbatdoshi qalbida iz qoldiradi.
Xalqimizning «O‘zingga qarab kutarlar, so‘zingga qarab kuzatarlar», «Til yarasi bitmas, tig‘ yarasi bitar» kabi maqollaridan ham inson uchun zarur bo‘lgan muomala jarayoniga e’tibor zaruriyatini sezish qiyin emas.
Davlatimiz rahbarining ta’biri bilan aytganda, «Yuksak bilimli, intellektual rivojlangan avlodni tarbiyalash – mamlakatni barqaror taraqqiy ettirish va modernizatsiya qilishning eng muhim sharti» ekan, demak, ilm-fanga, ona Vatanga munosabat o‘z-o‘zidan ma’naviyatli, barkamol inson tarbiyasida muhim va muqim o‘rin tutishi muqarrardir.
Munosabat, shubhasizki, shaxsning muomala madaniyatidan kelib chiqadi. Bu esa barkamollik belgisi bo‘lgan ta’lim va tarbiyaga, ma’naviyat va ma’rifatga borib bog‘lanadi. Aqlan, ruhan va jismonan sog‘lom avlodgina yurtning porloq kelajagidir. Qushning parvozini qo‘sh qanotisiz tasavvur qilish mumkin bo‘lmaganidek, insonning iqboli va yurt istiqbolini ham ta’lim-tarbiya va ma’naviyat-ma’rifatsiz tushunish, idrok etish mushkul.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA