Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yaxshidan bog‘ qolar
14:07 / 2023-11-11

"Yashil makon" umummilliy loyihasida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimi xodimlari ham faol ishtirok etmoqda.

11 oktyabr kuni mazkur vazirlik xodimlari Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi 2 gektar hududga ming tupdan ortiq ko‘chat o‘tqazib, "Vazirlik bog‘i"ni barpo etdi.  

Bog‘ barpo etishdek savobli jarayonda qo‘l qovushtirib turgan yoki bekorchi odamning o‘zini topolmaysiz. Hammaning bir tanu bir jon bo‘lib, bunday savobli yumushga kirishgani diqqatga sazovor. Kimdir suv yoki ko‘chat keltirgan, boshqa birovi qopdagi o‘g‘itni tashigan, yana kimdir ko‘chatlarni yerga qadash bilan band. 

–"Yashil makon" umummilliy loyihasi ta’lim tizimi xodimlari tomonidan ham faol qo‘llab-quvvatlanmoqda, – dedi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining Maktabdan tashqari ta’limni tashkil etish bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Bahrom Aminov. – Asosiy maqsad ekologik muvozanatni saqlash, mamlakatimiz bo‘ylab yashil maydonlar bunyod etilishiga faol hissa qo‘shishdan iborat. Aytish kerakki, yurtimizdagi o‘quv maskanlari kabi 219 ta "Barkamol avlod" bolalar maktablari pedagoglari tomonidan 10 mingga yaqin ko‘chat o‘tqazilib, yashil bog‘lar yaratildi. Bunday tadbirlar hamyurtlarimizda tabiatni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash, ekologik barqarorlikni saqlashda barcha birdek mas’ul ekanini anglatishda katta ahamiyatga ega.  

"Vazirlik bog‘i" uchun ajratilgan hudud ancha toshli bo‘lsa-da, bu yerda ko‘kalamzorlashtirish ishlari bir lahzaga bo‘lsa-da to‘xtamadi.  

–Aslida yong‘oq daraxti ko‘chati uchun toshloq yer qulay, – dedi maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari Uzoqboy Begimqulov. – Ko‘chat ekish bilan birga, bu yerdagi daraxtlar doimiy parvarish etib boriladi. 

–Biz hamisha auditoriyalarda yoshlarga ta’lim berish bilan bandmiz, – dedi "Yangi O‘zbekiston" universiteti professori Islom Alhadari. – Bevosita bunday bog‘ yaratishdek, ko‘chat ekishdek jarayonlarda birinchi marta ishtirok etayapman. Bu ezgu tashabbusga hissa qo‘shish juda mas’uliyatli, ham savobli. Xayrli jarayonda ishtirok etganimdan juda mamnunman.  

–Bog‘ yaratish jarayonida hudud yaqinida suv va boshqa sharoitlar borligiga katta e’tibor qaratilmoqda, – dedi vazirlikning Ta’lim tashkilotlarida tarbiyaviy ishlarni muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Azamat Kamolov. – Bunday tashabbusni har bir oilaga ko‘chirish muhim. Zero, xalqimiz yaxshidan bog‘ qoladi, deb bejiz aytmagan. 

Nazokat Usmonova, O‘zA muxbiri