Shaharlar, tuman markazlari hamda aholi punktlarida ekologik vaziyat va havo tozaligini yaxshilash maqsadida «Yashil makon» umummilliy loyihasi e’lon qilindi.
Loyiha doirasida har yili 200 million tup daraxt va buta ko‘chatlarini ekish rejalashtirilgan. «Dolzarb 40 kunlik» doirasida shu yilning 10 dekabrga qadar hududlarimiz bo‘ylab 15 million tup daraxt va buta ko‘chatlari ekiladi.

Mazkur aksiyada «UZINSURANCE» kompaniyasi ham faol ishtirok etmoqda. Bugun Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida «O‘zagrosug‘urta» boshqaruv rahbariyati ushbu xayrli tashabbusga o‘z hissalarini qo‘shdilar. Xususan, tumandagi 2-kasb-hunar maktabi binosi hovlisi va yo‘l atrofiga 60 tup eldar, qayin, igna bargli daraxt va butalar o‘tqazildi.

Ta’kidlash lozim, «dolzarb 40 kunlik» doirasida kompaniya tizimida 4200ga yaqin daraxt ko‘chatlarini ekish rejalashtirilgan. Bunda hududlarning iqlim sharoitlaridan kelib chiqib eman, yapon saforasi, katalpa, shumtol, qayrag‘och, pavloniya, zarang, akatsiya, terak, chinor, tut, jiyda, yong‘oq va boshqa mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekiladi.
Kompaniyaning Andijon, Buxoro, Navoiy, Namangan va Surxondaryo viloyatlaridagi filiallari tomonidan daraxt ko‘chatlarini ekish ishlari boshlab yuborildi.
"Yashil makon" umummilliy loyihasini o‘tkazish bo‘yicha berilgan taklifdan kelib chiqqan holda bir kunda 30 tup mevali va manzarali daraxtlar ekib, ushbu ezgu loyihaga o‘z hissamizni qo‘shdik", deydi «UZINSURANCE» Namangan viloyati filiali rahbari Ahadjon Mirzayev.

Ko‘chat ekib, bog‘ yaratish xalqimizning azaliy qadriyatlaridan sanaladi. Ko‘chat o‘tkazgan bilan u ko‘karib qolmaydi. Yosh niholga alohida e’tibor zarur. Shu nuqtai-nazardan kelib chiqib, kompaniya xodimlari o‘tkazilgan har bir ko‘chatni yil davomida parvarishlashga kelishib oldilar.
"Yashil makon" umum loyihasi doirasida Muzrabot sug‘urta markazi jamoasi jami 100 tub mevali va manzarali ko‘chat ekish rejalashtirgan bo‘lib, bugun 50 tub archa, terak, chinor, tut, jiyda, yong‘oq ko‘chatlari ekildi. Ushbu ko‘chatlar Muzrabot tumani iqlimi uchun juda qulay va tez rivojlanadi. Bunday savobli va ezgu amallar ko‘proq bo‘lib turishi tarafdoriman", deydi kompaniyaning Muzrabot tumani sug‘urta markazi menejeri Erkin Isanov.
Ta’kidlash joizki, amalga oshirilayotgan bu kabi tadbirlar hududlar qiyofasini obod etish barobarida, tabiatni asrash, ekologik musaffolikni ta’minlashga ko‘mak berishi bilan ahamiyatlidir.
Yashil hudud bunyodkorlari o‘z yashash hududlari, tuman va shahar markazlariga, iqlim sharoitlaridan kelib chiqib eman, yapon saforasi, katalpa, shumtol, qayrag‘och, pavloniya, zarang, akatsiya, terak, chinor, tut, jiyda, yong‘oq va boshqa mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekmoqda.
Kompaniyaning Andijon viloyati filiali xodimlari tomonidan yangidan barpo etilayotgan "Yangi Andijon" massiviga 100 tup pavloniya daraxti ko‘chatlari ekildi.
Buxoro viloyatidagi «UZINSURANCE» filiali binosi atrofi va Buxoro tumanidagi sug‘urta markazi yaqinida jami 80 tup daraxt ekildi. Xususan, 20 ta qayrag‘och, 10 tup igna bargli archa va yana 10 tupdan shaftoli, olma va qaroli ko‘chatlari o‘tqazildi.
Loyiha doirasida uzoq yillar kompaniya tizimida ishlab, hozirgi kunda nafaqada bo‘lgan Barakayev Fathullo bobo xonadoniga tashrif buyurildi.
Fathullo bobo oz emas, ko‘p emas 25 yil kompaniyaning Buxoro filialida faoliyat yuritib, nafaqaga chiqqan. bugungi savobli loyiha bahonasida kompaniyamizning faxriy xodimi holidan xabar olindi.
Hududlarda daraxt ekish bo‘yicha harakatlar davom etmoqda.
Abdulaziz RUSTAMOV, O‘zA