Ko‘chat ekib, bog‘ yaratish, atrof-muhitni toza, ozoda saqlash asrlar davomida sinovdan o‘tgan qadriyatlarimizdan biri sanaladi. Ajdodlarimiz bahor va kuz mavsumida yaxshi niyatlar bilan yerga nihol qadagan. bugungi kunda ham ana shu ezgu an’ana davom etib, Prezidentimiz tashabbusi umummilliy loyihaga aylandi.
Davlatimiz rahbari 2022 yilning 25 noyabr kuni Navoiy viloyatiga tashrifi chog‘ida viloyatni respublikaning namunaviy hududiga aylantirish bo‘yicha yangi tashabbuslarni ilgari surib, “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirishda “Navoiy tajribasi” ni joriy etish bo‘yicha topshiriqlar bergan edi. Loyihasi doirasida viloyatda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Joriy yil bahor mavsumida viloyatda magistral avtomobil yo‘llari, tuman-shahar ichki yo‘llari va yo‘l yoqalari, qishloq xo‘jaligi yerlari, fermer xo‘jaliklari, ijtimoiy soha ob’ektlari, korxona va xizmat ko‘rsatish tarmoqlari, obodonlashtirish boshqarmasiga qarashli hududlar va mahallalarga qariyib 8,8 million dona mevali va manzarali daraxt hamda butalar ekish rejalashtirilgan.

– Joriy mavsumda tumanimizda 600 ming dona daraxt va buta ko‘chatlarini ekish rejalashtirilgan, – deydi Nurota tumani tabiat resurslari inspeksiyasi boshlig‘i Lochin Norbekov. – Ayni paytda shunday yashil maydonlardan biri Amir Temur mahallasida ham yaratilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, 4 gektar yer maydoni ajratilgan. bugungi kunda bu yerga 2 ming dona manzarali va mevali daraxt ko‘chatlari ekildi. Ushbu xayrli ishda tuman hokimligi, Tabiat resurslari vazirligi Navoiy viloyati boshqarmasi, Ekologik partiya xodimlari, tuman Davlat o‘rmon xo‘jaligi hamda mahalla faollari faol ishtirok etdi.

Viloyat bolalar qo‘g‘irchoq teatri va “Mahalla” jamoat fondi viloyat bo‘limi hamkorligida tashkil etilgan tadbir ham ushbu ezgu amalning uzviy davomi bo‘ldi. Mazkur maskan joriy yilda foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, ayni paytda binoni jihozlash va atrofini obodonlashtirish hamda ko‘kalamzorlashtirish ishlari olib borilmoqda. Ko‘pning ko‘magi va tashabbusi bilan madaniyat maskani hovlisi tartibga keltirilib, hudud iqlimiga mos yuzdan ortiq mevali va manzarali daraxt nihollari ekildi. Ko‘klamning qulay fursatida ekilgan bu ko‘chatlar ham maskanning chiroyiga chiroy qo‘shadi, albatta.

– Yurtboshimiz tomonidan ilgari surilgan “Yashil makon” umumilliy loyihasi doirasida ko‘chat ekish jarayoni davom etmoqda, – deydi fondning viloyat bo‘limi raisi Faxriddin Soliyev. – bugungi kunda viloyatning barcha mahallalari, xonadonlarida ham daraxt ekish ishlari olib borilmoqda. Bahor faslida daraxt ekish, turli hasharlar uyushtirishning tarbiyaviy ahamiyati ham bor. Yosh avlodni tarbiyalashda, qolaversa hududlarning yanada go‘zal va obod bo‘lishida mazkur loyiha muhim rol o‘ynamoqda.
Albatta, yurtimizning gullab-yashnashi uchun har birimiz o‘z hissamizni qo‘shmog‘imiz lozim. Atrof-muhitni muhofaza qilish, kelajak avlodga tabiiy boyliklarni bus-butun yetkazish, ekologik muammolarni birgalikda bartaraf etish oldimizda turgan muhim vazifalardan sanaladi.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA