Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yaxshi ustozdan yaxshi shogirdlar, yorqin xotiralar qoladi
10:43 / 2022-06-29

Haq so‘z har kimga ham yoqavermasa-da insoniyat tomonidan yuksak qadrlangan.

Atoqli adabiyotshunos, navoiyshunos ustoz Ibrohim Haqqul doim haq so‘zni xalqona, jaydari yo‘sinda so‘zlovchi fidoyi olim sifatida adabiyot muxlislarining e’tiborini qozongan inson edi.

Yaqinda ustozning olamdan o‘tgani haqidagi noxush xabar uning muxlislari, shogirdlari qalbini larzaga soldi.

Har gal adabiy anjumanlar, navoiyshunoslik kechalarida Ibrohim Haqqulning aytganlarini davra ishtirokchilari diqqat va e’tibor bilan eshitardi.

Ibrohim Haqqul 1949 yil 28 martda Buxoro viloyati Shofirkon tumani Talija qishlog‘ida ziyoli oilasida tug‘ilgan. O‘rta maktabni tugatgach, 1966-1970-yillarda Buxoro davlat pedagogika institutida tahsil oldi.

Ustoz 1970-1972-yillarda «Shofirkon haqiqati» gazetasida bo‘lim boshlig‘i va muharrir vazifalarida ishladi. Uning «Navoiy va Mavlono Ashraf», «Daryo kabi hamisha uyg‘oq...» kabi ilk adabiy maqolalari ushbu gazetada chop etildi.

Olim 1972 yildan hozirga qadar O‘zFA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori institutida faoliyat yuritdi.

Ibrohim Haqqul 1976 yili «O‘zbek adabiyotida ruboiy» mavzusida nomzodlik, 1995 yili «O‘zbek tasavvuf she’riyatining shakllanishi va taraqqiyoti» mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi.

Dastlab domlaning «O‘zbek adabiyotida ruboiy» (1981), «Uvaysiy she’riyati» (1982), «Badiiy so‘z shukuhi» (1987) kitoblari nashr etildi. Keyinroq esa «Zanjirband sher qoshida» (1989), «She’riyat — ruhiy munosabat» (1989), «Abadiyat farzandlari» (1990), «Tasavvuf va she’riyat» (1991), «Kamol et kasbkim...» (1991), «G‘azal sog‘inchi» (1991) kabi 20dan ortiq kitoblari bosilib chiqdi.

U rus tilidagi ikki jildlik «Istoriya uzbekskoy literaturы» kitobining mualliflaridan sanaladi. O‘tgan asrning 80- yillarning ikkinchi yarmida Ibrohim Haqqul adabiy jarayonlarda yanada faollashdi.

Domla shuningdek, Abdulhamid Cho‘lponning «Bahorni sog‘indim» (1988), Xoja Ahmad Yassaviyning «Hikmatlar» (1991) majmuasini, shogirdi Sayfiddin Rafiddinov bilan hamkorlikda «Boqirg‘on kitobi» (1991), «Me’rojnoma» (1995) kabi uzoq muddat nashr etilmay kelingan asarlarni o‘quvchilarga yetkazgan.

Keyingi yillarda Ibrohim Haqqul «Ahmad Yassaviy», «Kim nimaga tayanadi?», «E’tiqod va ijod», «Tasavvuf saboqlari», «Taqdir va tafakkur», «Meros va mohiyat» deb nomlangan risola va kitoblarini chop ettirgan edi.

Zahmatkash olim Farididdin Attor, Jaloliddin Rumiy, Abdurahmon Jomiy, Vilyam Shekspirday daho san’atkorlarning o‘zbek tiliga o‘girilgan kitoblariga salmoqli so‘zboshi va so‘ngso‘zlar yozdi.

Domlaning sa’y-harakati bilan Alisher Navoiyning «Xazoyin ul-maoniy»sidan tanlangan shoh baytlarning alohida kitob holida chiqarilgani ham e’tiborga molikdir.

Keyinroq uning «Ijod iqlimi» va «Mushohada yog‘dusi» nomli kitoblari ham bosildi.

Ustoz ijodkor 1996 yildan «Qadimgi davr adabiyoti», 2001 yildan buyon «O‘zbek adabiyoti tarixi» bo‘limi mudiri sifatida faoliyat ko‘rsatib kelgan.

Olim O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, «O‘zbek tili va adabiyoti», «Tafakkur», «Naqshbandiya» jurnallari tahrir hay’atlari a’zosi edi.

Uning bir qancha maqola va kitoblari turk, uyg‘ur, ozarboyjon, tojik va rus tillariga tarjima qilingan edi.

Keyingi yillarda olimning «Navoiyga qaytish» deb nomlangan to‘rt jildlik kitobi bosmadan chiqqani Alisher Navoiy muxlislari uchun bebaho tuhfa bo‘ldi.

Yaxshi ustozdan yaxshi shogirdlar, yorqin xotiralar, hikmatli so‘zlar qoldi.

N.Usmonova,O‘zA