Insoniyat jami yaratiqlardan ongi va muloqot qila olish layoqati bilan ajralib turadi. Bugungi kunga qadar aynan shu orqaligina butun jamiyat shakllanib, taraqqiy etib kelmoqda. Psixologlarning fikricha, kishini shaxs sifatida shakllantiruvchi asosiy omil bu muloqot.
Ta’kidlash joizki, so‘zning insonga ta’siri aqlga sig‘mas darajada. Shuning uchun ham bizning milliy tarbiyamizda xushmuomalalikka alohida ahamiyat beriladi. Biroq, tili bilan kishilar qalbiga ozor beruvchilar doim uchrab turadi. Ular bilishmaydiki, bir qalbning ozorlanishi naqadar ulkan og‘riqligini. Shuning uchun ham ularga el orasida hurmat bilan qaralmaydi.
Garvard universiteti olimlari yetmish yil davomida bir masala ustida bosh qotiradilar. Qanday insonlar eng baxtli sanaladi? Buning uchun minglab odamlar bilan tadqiqod ishlari olib borilgan. Albatta, xulosa qandaydir g‘ayritabiiy bo‘lishi kerak degan tasavvur uyg‘onadi kishida. Negaki, bu davr mobaynida tadqiqod uchun 250 million dollar sarflanadi. Ishoning, natija har birimizni hayron qoldiradi. Ma’lum bo‘lishicha, insonlar bilan yaxshi muomalada bo‘ladiganlar eng baxtli sanalarkan.
Ko‘rinib turibdiki, inson odobi bilan go‘zal. Xushmuomalalik esa odobning go‘zal ko‘rinishidir.
–Albatta, insonni aziz qiladigan narsalardan biri uning so‘zidir. Kishilar bilan o‘rnatiladigan munosabatlar, muomala odobi masalalari dono xalqimizning doim e’tibor markazida bo‘lgan. Buning isbotini xalq og‘zaki ijodi namunalari - maqollar, dostonlarda ko‘ramiz. Qolaversa, ulug‘ mutafakkirlarimiz yaratgan durdona asarlarda ham so‘z va uning ta’siri, suhbat odobi haqida oltin fikrlar jamlangan,– deydi folklorshunos olim Abdumurod Tilovov.
Xulosa qilib aytganda, jamiyatimiz taraqqiyoti faqat birlikda. Bunga esa avvalo atrofimizdagilar bilan o‘rnatadigan yaxshi munosabatimiz, muomalamiz bilangina erishmog‘imiz mumkin. Zero, davlatimiz rahbari ilgari surayotgan siyosat ham birlashib, qudratli kuchga aylanishdir. Shunday ekan, bir-birimizdan shirin so‘zni ayamaylik. Zotan, yaxshi so‘z bilan ilon inidan, yomon so‘z bilan pichoq qinidan chiqar.
Sherbek Islomov, O‘zA