Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yaxshi mutaxassisga hamisha ish bor
10:35 / 2016-04-14

Mamlakatimizda iqtisodiyotning barcha tarmoqlari izchil rivojlanayotgani bilan ushbu sohalarga ixtisoslashgan kadrlarga bo‘lgan talab ham ortmoqda.

Mamlakatimizda iqtisodiyotning barcha tarmoqlari izchil rivojlanayotgani bilan ushbu sohalarga ixtisoslashgan kadrlarga bo‘lgan talab ham ortmoqda.

Yurtimizda kadrlar tayyorlash masalasiga ta’lim sifati va mehnat bozorini chuqur o‘rganish asosida yondashilayotgani katta samaralar berayotir. Xususan, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi iqtisodiyotdagi tarkibiy o‘zgarishlar, ularning mutaxassislarga bo‘lgan talabidan kelib chiqqan holda yo‘lga qo‘yilgan. Bundan maqsad ta’lim tizimini iqtisodiyot tarmoqlari bilan mutanosib tarzda rivojlantirish, yoshlarni aniq kasb-hunarga yo‘naltirish hamda bitiruvchilarni o‘z kasbi bo‘yicha ishga joylashtirishdan iboratdir.

Bunday yondashuv natijasini Toshkent aviasozlik kasb-hunar kolleji misolida ham ko‘rishimiz mumkin. 1998-yilda tashkil etilgan mazkur kollejda menejer, buxgalter, montajchi-elektrik, mexanik, chilangar, aviatsiya texnigi, modelyer-konstruktor kabi mutaxassislar tayyorlanadi.

Kollejda barcha zarur shart-sharoit yaratilgan. Zamonaviy laboratoriya, ishlab chiqarish ustaxonalari, multimedia, komputer va lingofon xonalari yoshlarning bilim va kasb-hunarlarni puxta egallashiga xizmat qilayotir. Axborot-resurs markazi, kutubxona, sport zali, oshxona o‘quvchilar ixtiyorida.

– Kollejimizni bitirgan yosh mutaxassislarga talab juda yuqori, – deydi Toshkent aviasozlik kasb-hunar kolleji direktori Zokir G‘aniyev. – O‘quvchilarimiz amaliyot o‘tash chog‘idayoq doimiy ish o‘rniga ega bo‘lmoqda. 2015-yilda 480 nafardan ziyod o‘quvchi kollejni bitirdi. Ularning 85 foizi o‘z sohasi bo‘yicha ishga joylashdi, qolganlari oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirdi.

Kollej bitiruvchilariga “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi, “Toshkent mexanika zavodi” aksiyadorlik jamiyati kabi yirik sanoat korxonalari talabgor. Bugungi kunda yuqori sinf o‘quvchilari shu va shu kabi tashkilotlarda amaliyot o‘tab, mehnat ko‘nikmalarini oshirmoqda. Kollej, bitiruvchilar, ishlab chiqarish korxonalari va mahalliy hokimliklar o‘rtasida imzolanayotgan to‘rt tomonlama shartnomalar asosida yigit-qizlarning kelgusi ish joylari belgilanmoqda.

– Ish boshlaganimga bir yil bo‘ldi, – deydi Toshkent xalqaro aeroporti zal nazoratchisi Nodira Ulashova. – Aviasozlik kollejida olgan bilim va ko‘nikmalarim amaliyotda qo‘l kelmoqda. Ishim o‘zimga juda yoqadi.

Yoshlarni ish bilan ta’minlash, g‘oya va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash borasida yaratilayotgan bunday keng imkoniyatlardan samarali foydalanayotgan Nodira singari yigit-qizlar safi tobora kengaymoqda. Mamlakatimizda ta’lim olish, kasb-hunar egallash va ishga joylashish uchun yaratilayotgan imkoniyatlar yoshlarning jamiyatda o‘z o‘rnini topishida muhim omil bo‘lmoqda.