Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yaxshi muallim – yaxshi bola, yaxshi bola – yaxshi kelajak!
20:04 / 2025-05-16

Munosabat

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda ta’lim sohasiga katta mablag‘ ajratilayotgani, infratuzilmalar qurilayotgani va ustozlarga moddiy rag‘bat ko‘rsatilayotgani hech kimga sir emas. Xususan, malaka, til bilish, yangi baholash tizimi, fan olimpiadalari kabi mezonlar asosida o‘qituvchilarga 10 dan ortiq ustamalar joriy qilingan. Hozirda, bundan samarali foydalangan 60 ming o‘qituvchi 8-12 million so‘m maosh olayapti.

Ammo, davlat rahbari ta’kidlaganidek, ish haqi qancha ko‘paymasin, toifa, malaka, metodika va dunyoqarash o‘zgarmasa, natija bo‘lmaydi. Shu nuqtai nazardan, kuni kecha maktab ta’limi tizimidagi islohotlar samaradorligini yanada oshirish hamda kelgusidagi ustuvor vazifalarni belgilab olish yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishda davlat rahbari ta’lim sohasini inson kapitali asosida transformatsiya qilishga alohida e’tibor qaratdi. Bu islohotlar, birinchi navbatda, pedagog-kadrlar tayyorlash va malaka oshirish tizimidan boshlanmoqda.

Haqiqatdan ham ta’limda sifat bo‘lishi uchun eng avvalo pedagoglarni tayyorlash va malakasini oshirish tizimi bunga tayyor bo‘lishi kerak. Shu bois, Nizomiy oliygohi – Milliy pedagogika universiteti sifatida tayanch oliygoh, uning rektori esa bir vaqtning o‘zida kadrlar tayyorlash bo‘yicha vazir o‘rinbosari etib belgilandi. Hududlardagi 12 ta pedagogika oliygohi ham MMTV tizimiga o‘tkazildi. Bunday yondashuv pedagog-kadrlar masalasida talab va taklifning bir biriga mutanosib ravishda shakllanishini ta’minlashga xizmat qiladi.

Ta’limda sifat bo‘lishi uchun eng avvalo pedagoglarni tayyorlash va malakasini oshirish tizimi bunga tayyor bo‘lishi kerak. Endilikda pedagog, talaba va o‘quvchilar bilim va ko‘nikmasini baholashning yagona tizimi yaratilib, mustaqil bo‘lgan Pedagogik mahorat va xalqaro baholash markazi tashkil qilindi.

Qars ikki qo‘ldan chiqadi. Shu bois, ta’lim jarayonida o‘quvchilar mas’uliyati va ularning bo‘sh vaqtini to‘g‘ri va mazmunli tashkil etish muhim. Yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishda esa turli sport musobaqalari, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, adabiy kecha va uchrashuvlar uyushtirilishi, albatta, o‘z samarasini ko‘rsatadi. 

Yig‘ilishda davlat rahbari tomonidan bu masalaga ham alohida e’tibor qartilib ustuvor vazifalar belgilab berildi. Xususan, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil qilish uchun 900 ga yaqin teatr, madaniyat markazlari va konsert zallari, hududlarda 1,5 mingga yaqin sport maydonchalari, 200 ta oromgoh, 2 mingdan ortiq turizm ob’ektlari imkoniyatlaridan to‘liq foydalanish zarurligi ta’kidlandi.

Buning uchun joylardagi amfiteatr va sayilgohlarda har kuni konsert va musiqa kechalari o‘tkazish, madaniyat va istirohat bog‘larida san’at ko‘rgazmalari, she’riyat kechalari va intellektual o‘yinlar tashkil etish topshirildi.

Shuningdek, yozgi oromgohlarda yoshlar “Ibrat farzandlari”, “Qizlar akademiyasi”, “Mutolaa” loyihalari bilan qamrab olinadi. 100 ming o‘quvchi uchun maktablarda “kunduzgi oromgoh” faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. “Raqamli avlod” loyihasi doirasida kamida 50 ming yosh o‘qitilib, hududlarda IT va kibersport turnirlari o‘tkaziladi. Bunda “Raqamli avlod qizlari” loyihasi bo‘yicha tuman va viloyat tanlovlari o‘tkaziladi. “Mening mahallam – mening faxrim” loyihasi doirasida ijtimoiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha 100 ming yosh volontyorlikka jalb qilinadi.

Xulosa qilib aytganda, ta’lim sohasidagi islohotlar markazida muallim bilan birgalikda yoshlarimizning ham borligi men kabi barcha ota-onalarni quvontiradi. Zero, “Yoshlarning bo‘sh vaqti – dushmanning ish vaqti” degan naqlni unutmaslik lozim.

Gulnoraxon ABDUVOHIDOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.

O‘zA