Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Buxoro viloyatidagi dasturiy mahsulotlar ishlab chiqaruvchilar, ularni eksport qiluvchilar va chet el platformalarida frilanserlik bilan shug‘ullanuvchi yoshlar faoliyati bilan tanishdi.
Buxoro viloyatida IT sohasida bilimli, intiluvchan yoshlar ko‘p. Jumladan, Buxoro shahar 2- umumta’lim maktabining 10-sinf o‘quvchisi Amir Afakov startap loyihalar tanlovida 1-o‘rinni egallab, IT-Park tomonidan taqdim etilgan 30 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi. Hozirda u tengdoshlari bilan IT tadbirkorlik faoliyatini boshladi. “USTECH TEAM” MCHJ tashkil etib dasturlash bo‘yicha o‘quv kurslari ochdi.

IT Park rezidenti Vokhidov IT Academiyasi – Akademiya IT ta’lim hamda dasturiy mahsulotlar ishlab chiqib, ularni eksport qilish yo‘nalishda faoliyat yuritadi. Akademiya asoschisi Shuxrat Vohidovning asosiy maqsadi Buxoro viloyatida ham masofadan turib yuqori maoshli kasb egalari ko‘p bo‘lishini ta’minlash, viloyatning iqtisodiy va eksport salohiyatini oshirish.
– 2023 yilda eksport ko‘rsatkichlarini yaxshilash rejalashtirilgan, – deydi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Buxoro viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i Alijon Yaxshiyev. – Hozirda Moskva shahridagi ko‘p tarmoqli klinikaning veb sayti va platformasini yaratish bo‘yicha 25 ming dollarlik shartnoma imzolangan. AQSH va Shvetsiya davlatlaridagi hamkorlar bilan dasturlash yo‘nalishida BPO loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha ishlar boshlab yuborilgan. Bunday yoshlar Buxoroda juda ham ko‘p albatta. Bunday iqtidorlar Buxoroning IT sohasi bo‘yicha brendini yaratishda o‘z hissasini qo‘shmoqda.

Vazir buxorolik dasturchilar bilan uchrashuvda ularning bilim ko‘nikmalari yuqori ekanligini qayd etdi. Yuqori daromadli loyihalar asosan chet elda ekanligini, shuning uchun eksport bilan shug‘ullanish orqali ichki bozorga nisbatan bir necha barobar ko‘p daromad topish mumkinligi yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdi. Shuningdek, mamlakatimiz iqtisodiyotini rivojlantirishda axborot texnologiyalari sohasi muhim o‘rin tutishini ta’kidladi. Yoshlarni ish bilan ta’minlash, eksport ko‘rsatkichlarini yaxshilash, O‘zbekistonni Markaziy Osiyo IT xabiga aylantirish yuzasidan mas’ullarga aniq vazifalar yukladi.

Ma’lumot uchun, viloyatning shahar va tumanlarida tashkil etilgan o‘quv markazlari hamda IT-Park ta’lim yo‘nalishida faoliyat yurituvchi rezidentlar tomonidan 16 ming nafarga yaqin tinglovchilar “Kompyuter savodxonligi”, “Veb dasturlash”, “Mobil dasturlash”, “Grafik dizayn”, “Robototexnika”, “Kibersport”, SMM va “IT-Yenglish” kabi turdosh yo‘nalishlar bo‘yicha tahsil olib, tegishli sertifikatlarga ega bo‘ldi. Joriy yil yakuniga qadar ushbu ko‘rsatkichni 30 mingga yetkazish ko‘zda tutilgan.
Zarif Komilov,
O‘zA