Indoneziyaning Markaziy Yava orolidagi ikki mintaqada yuz bergan yirik ko‘chkilar oqibatida halok bo‘lganlar soni 30 kishiga yetdi, deya xabar berdi mamlakat Tabiiy ofatlarni yumshatish agentligi.
O‘tgan hafta Chilachap shahrida, dam olish kunlari Banjarmenegara mintaqasida kuchli yomg‘ir tufayli kuzatilgan ko‘chkidan so‘ng 21 kishi bedarak yo‘qolgan.
Qutqaruvchilar payshanba kuni eng ko‘p zarar ko‘rgan hududlarda yetti kishining jasadini topgan. Hozircha 18 nafar insonning taqdiri noma’lum. Bu ma’lumot agentlik vakili Abdul Muhariy bayonotida keltirilgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ko‘chkidan o‘nlab uy shikastlangan, 900 dan ortiq aholi evakuatsiya qilingan. Ayni payt kamida 700 qutqaruvchi, jumladan politsiya va harbiy xizmatchilar ekskovatorlardan foydalanib, jabrlanganlarni qidirishda davom etyapti.
– Ish jarayonida jiddiy to‘siqlarga duch kelyapmiz, – deydi Muhariy. – Masalan, loyqa vayrona bilan to‘lgan, tinimsiz suv to‘planayotgan havzalar qidiruvga xalaqit beradi, yomg‘ir esa keyingi ko‘chki xavfini tug‘diradi.
Rasmiylar qutqaruv jarayoni muddatini keyingi haftagacha uzaytirdi. Qariyb 400 nafar fuqaro ko‘chirilgan.
Meteorologiya xizmati ma’lumotiga ko‘ra, Indoneziyaning sentyabr oyida boshlangan yomg‘irli mavsumi aprelgacha davom etadi. Demak, hali ko‘p hududlarda suv toshqini, kuchli yog‘ingarchilik xavfi bor.
M. Pirmatova, O‘zA