Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xo‘jayli tumani bo‘limi va Ichki ishlar bo‘limi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda qo‘lbola usulda tayyorlangan alkogol mahsulotlarini savdoga chiqarilishining oldi olindi.
Jumladan fuqaro B.K. boshqaruvidagi “Cobalt” rusumli avtotransport vositasi to‘xtatilib, ko‘zdan kechirilganda, qo‘lbola usulda tayyorlangan, umumiy bahosi 20,6 million so‘mlik 588 dona qalbaki aksiz markali alkogol mahsulotini sotish maqsadida olib ketayotganligi aniqlandi. Ushbu mahsulotlar ashyoviy dalil sifatida olindi.
O‘tkazilgan tezkor tadbirda esa fuqaro T.M. Nukus shahri “Kattagar” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi xonadonda yashirin sex tashkil qilib, qo‘lbola usulda alkogol mahsulotlari ishlab chiqarganligi aniqlandi. Undan 338 dona aksiz marka, 111 litr spirt, 90 dona “QR-kod” markirovka, 90 dona “Qaratau” nomli aroq, bo‘sh shishalar va ishlab chiqarishda foydalanilgan boshqa tovar moddiy boyliklari ashyoviy dalil sifatida olindi.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri