Toshkent shahridagi yashirin sexda sifatini tasdiqlovchi hujjatlari bo‘lmagan, sifatsiz biologik faol qo‘shimchalar ishlab chiqarish va savdoga chiqarish holati fosh etildi. Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Yunusobod tumani bo‘limi va Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda ushbu noqonuniy faoliyatga chek qo‘yildi.
Tadbirkorlik sub’ektlari huquqlarini himoya qilish maqsadida olib borilgan tekshiruv jarayonida fuqarolar L.Q., D.S. yashirin sex tashkil etib, “C.P.” MCHJ tomonidan ishlab chiqarilgan “GEMOPRO” nomli biologik faol qo‘shimchaning yorliqlarini soxtalashtirib, kapsula ko‘rinishidagi sifatsiz mahsulotlarni ishlab chiqarganliklari aniqlandi.
O‘tkazilgan tezkor tadbirda ushbu mahsulotlarni xaridorlarga sotish jarayonida 240 dona mahsulot bilan qulga olindi. Shuningdek, yashirin sexda 3 xil yorliqdan 80 dona va ishlab chiqarishda foydalanilgan boshqa vositalar ashyoviy dalil sifatida olindi.
Mazkur holat bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari davom etmoqda.
Hamroz Bayanov,
O‘zA