Qish mavsumi davlat, kommunal xizmatlar va, eng muhimi, har bir xonadon uchun jiddiy va mukammal tayyorgarlikni talab etuvchi davrdir. O‘zbekistonda sovuq harorat sharoitida aholi tomonidan isitish moslamalaridan faol foydalanilishi elektr va gaz tarmoqlariga tushadigan yuklamaning keskin oshishiga olib keladi. Afsuski, bu holat aksariyat hollarda yong‘inlar, elektr tarmoqlarining qisqa tutashuvi hamda inson hayoti uchun eng xavfli bo‘lgan is gazidan zaharlanish kabi og‘ir fojialarning yuzaga kelishiga sabab bo‘lmoqda.
Ichki ishlar va Favqulodda vaziyatlar vazirliklari statistikasiga ko‘ra, qish mavsumidagi aksariyat fojialar faqatgina texnik nosozlik bilan emas, balki aholining xavfsizlik qoidalariga rioya qilmasligi, mas’uliyatsizligi va beparvoligi oqibatidir. Shu sababli xavfsizlikni ta’minlash har bir fuqaroning shaxsiy va jamoaviy mas’uliyati mezoni sifatida qabul qilinishi shart.
Is gazi (SO) rangsiz, hidsiz, ta’msiz, o‘ta zaharli modda bo‘lib, uning ta’siri daqiqalar ichida hayotga zomin bo‘ladi. Bu gaz yonuvchi moddalarning (tabiiy gaz, ko‘mir, o‘tin) to‘liq yonmasligi natijasida hosil bo‘ladi. O‘zbekistondagi fojialar tahlili shuni ko‘rsatadiki, is gazidan zaharlanish holatlarining asosiy sabablaridan biri isitish pechlari va dudburonlarning (mo‘rilarning) tozalanmasligi va xonalarni germetik tarzda yopish orqali havo almashinuvini to‘xtatishdir. Gaz uskunasi yaxshi ishlashi uchun xonaga doimiy ravishda yangi havo kirib turishi shart. Aks holda, yonish uchun kislorod yetishmaydi va SO hosil bo‘ladi.
Buning oldini olishning eng samarali va ilg‘or usuli bu har bir xonadonga, ayniqsa, uxlash xonalariga, sertifikatlangan is gazi datchiklarini o‘rnatishdir. Bu ixcham qurilmalar xavfli konsentratsiyani aniqlab, oila a’zolarini o‘z vaqtida ogohlantirishga qodir. Qishda elektr tarmoqlariga tushadigan yuklama keskin oshishi yong‘inlarning ko‘payishiga asosiy sabab bo‘ladi. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, yong‘inlarning katta qismi (taxminan 70 foizdan ortig‘i) aynan elektr jihozlarining nosozligi yoki nostandart, ya’ni qo‘lbola isitish moslamalaridan foydalanish tufayli kelib chiqadi. Eskirgan, yuqori quvvatga mo‘ljallanmagan simlar va avtomat himoya vositalarining yo‘qligi yoki nosozligi qisqa tutashuvga olib keladi. Shuning uchun texnik choralarga alohida e’tibor qaratish zarur. Elektr tarmoqlari mutaxassislar tomonidan sinchiklab tekshirilishi va eskirgan elementlar almashtirilishi shart. Gaz bosimining pasayishiga sabab bo‘luvchi uy sharoitida yasalgan isitish uskunalarini noqonuniy ulash holatlariga qarshi qat’iy choralar ko‘rilishi kerak.
Madaniyatsizlikning eng xavfli ko‘rinishi gaz plitalaridan xonani isitish maqsadida foydalanishdir. Bu harakat qat’iyan ma’n etiladi. Gaz plitasini isitish maqsadida yoqish nafaqat yong‘in xavfini oshiradi, balki gazning noto‘liq yonishidan is gazi ajralib chiqadi. Bunday holatlarda aholiga nisbatan ma’muriy choralar qo‘llanishi mumkin.
Kuz-qish mavsumi bu bizdan nafaqat texnik tayyorgarlikni, balki jamiyat oldidagi yuksak mas’uliyatni talab qiladigan sinov davridir. Xavfsizlik qoidalariga rioya qilish bu majburiyat emas, balki inson hayotining eng oliy qadriyat ekanligini anglashdir. Har bir fuqaro, har bir oila o‘z xavfsizligini ta’minlashga shaxsan mas’uldir. Birgina e’tiborsizlikning og‘ir oqibatlarini anglagan holda, barcha tegishli xizmatlar bilan hamkorlik qilish, zaruriy himoya vositalarini o‘rnatish va xavfsizlik qoidalarini oila a’zolariga muntazam yetkazib turish zarur.
Faqatgina mas’uliyatli yondashuv, qat’iy intizom va xavfsizlik madaniyatini oshirish orqaligina biz ushbu mavsum sinovlarini muvaffaqiyatli va talafotlarsiz yengib o‘tishimiz mumkin.
A. G‘afforov,
O‘zA muxbiri