Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yashirin qimorxona faoliyatiga chek qo‘yildi
15:25 / 2026-01-26

Yashash xonadonini qimorxonaga aylantirib, nafaqat oilasining tinchini, balki qonunlarni ochiqdan-ochiq buzayotgan shaxslar yo‘q emas.

Firibgarlik va boshqa turdagi qonunga xilof harakatlar aynan shu kabi “uy sharoitidagi qimorxonalar” orqali avj olmoqda. Bu holat esa jamiyat xavfsizligiga jiddiy tahdiddir. 

Ichki ishlar vazirligi axborot xizmatidan xabar berishlaricha, IIV va Davlat xavfsizlik xizmati hamkorligida shu kabi qonunbuzarlik holatlariga chek qo‘yilmoqda. 

Asaka tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbir natijasida 1991 yilda tug‘ilgan shaxs yashash xonadonida 5 nafar tanishini to‘plab, ularga moddiy manfaat evaziga, tavakkalchilikka asoslangan qimor o‘yini uchun sharoit yaratib bergani aniqlangan. 

Tadbir davomida qimor o‘yini o‘tkazilgan joydan 36 dona o‘yin kartalari, 2 million 897 ming so‘m pul hamda xonadon egasiga cho‘tal sifatida berish uchun tayyorlab qo‘yilgan 40 ming so‘m ashyoviy dalil sifatida xolislar ishtirokida belgilangan tartibda rasmiylashtirib olindi.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 278-moddasi tartibida jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov  harakatlari olib borilmoqda.

Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, qonunga xilof ravishda qimor o‘yinlarini tashkil etish va o‘tkazish jamiyat osoyishtaligi, aholi tinchligi hamda oila muhitiga jiddiy xavf soladi.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan bunday illatlarga qarshi qaratilgan tezkor-profilaktik tadbirlar davom ettirilmoqda. 

Eslatib o‘tamiz, Jinoyat kodeksining 278-moddasida qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni tashkil etish hamda o‘tkazish bilan bog‘liq harakatlar uchun jinoiy javobgarlik belgilangan. 

Unga ko‘ra, qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni qonunga xilof ravishda tashkil etish yoki o‘tkazish, shu jumladan, ana shunday o‘yinlar uchun qimorxonalar tashkil etish yoki ularni saqlash – yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

O‘sha harakatlar takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan sodir etilgan bo‘lsa, uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab qilinsa, yetti yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Voyaga yetmagan shaxsni qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarga jalb qilish, shunday harakatlar ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravaridan ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

Qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni tashkil etish yoki o‘tkazish uchun telekommunikatsiya tarmoqlarida, shu jumladan, Internet jahon axborot tarmog‘i provayderlari tomonidan xizmatlar ko‘rsatish, tegishli dasturiy ta’minotdan nusxa ko‘paytirish, uni ko‘paytirish, tarqatish, shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yetmish besh baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatdan uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

N.Abduraimova,

O‘zA