Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yashirin narkolaboratoriyalar qanday aniqlanadi?
14:05 / 2026-03-10

2025-yilda respublikada huquq-tartibot idoralarining sa’y-harakatlari natijasida 3 tonna 413 kg. narkotik, psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning noqonuniy muomalasiga chek qo‘yilib, iste’molga chiqib ketishining oldi olingan.

Giyohvandlik vositalarining eng ko‘pini “gashish” va “opiy” moddalari tashkil etgan. 14 yashirin narkolaboratoriya aniqlanib, ularda saqlangan jami 75 kg. giyohvandlik vositalari va kuchli ta’sir qiluvchi moddalar musodara qilingan.  

Ko‘rinib turibdiki, narkojinoyatlarga qarshi kurashish, ularni yetishtirayotgan laboratoriyalarga barham berish dolzarb ahamiyatga ega.  

Shu maqsadda Toshkent shahrida ichki ishlar organlari xodimlari uchun yashirin narkolaboratoriyalarni aniqlash va ularning faoliyatiga chek qo‘yish masalalariga bag‘ishlangan seminar tashkil etildi.

Seminar davomida mutaxassislar tomonidan noqonuniy ravishda giyohvandlik vositalari ishlab chiqariladigan yashirin laboratoriyalarning tashqi va ichki belgilari batafsil tushuntirildi.  

Xususan, bunday joylarda kuzatilishi mumkin bo‘lgan shubhali hidlar, kimyoviy moddalarning ko‘pligi, maxsus jihozlar mavjudligi, deraza va eshiklarning yopiq holda saqlanishi kabi alomatlarga e’tibor qaratildi.

Yashirin narkolaboratoriyalarni aniqlashda mahalla yettiligi vakillari hamda aholidan kelib tushayotgan ma’lumotlardan samarali foydalanish tartibi haqida tushuntirish berilib, fuqarolar bilan tizimli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish muhimligi ta’kidlandi.  

Bunday laboratoriyalar aniqlanganda xodimlar tomonidan ko‘rilishi lozim bo‘lgan xavfsizlik choralari, jumladan, kimyoviy moddalardan kelib chiqadigan xavf-xatarlarning oldini olish, hududni izolyatsiya qilish hamda tegishli mutaxassislar bilan  hamkorlikda harakat qilish tartibi bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi. 

N.Abduraimova, O‘zA