Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yashirin iqtisodiyotni qisqartirish sari yangi islohotlar
11:30 / 2026-02-26

2026-yilgi Davlat dasturining muhim yo‘nalishlaridan biri Iqtisodiyotni texnologik va innovatsion o‘sish modeliga o‘tkazish va ichki bozorda talabni rag‘batlantirish hisoblanadi. O‘zbekiston iqtisodiyotining barqaror o‘sishini ta’minlash va aholi farovonligini oshirish yo‘lida eng katta to‘siqlardan biri — yashirin iqtisodiyotdir.

Yashirin iqtisodiyot (yoki “soya” iqtisodiyoti) — bu davlat nazoratidan va soliqqa tortishdan yashirilgan, rasmiy statistikada hisobga olinmaydigan iqtisodiy faoliyat turlarining yig‘indisidir. Oddiyroq aytganda, bu qonuniy yoki noqonuniy ravishda daromad topish, lekin bu haqda davlatga xabar bermaslik jarayonidir.

Yashirin iqtisodiyotni tushunishuchun uni bir necha asosiy ko‘rinishlarga ajratish mumkin:

Norasmiy bandlik: Ishchiningrasmiy mehnat shartnomasisiz ishlashi va ish haqini  (naqd pulda) olishi. Bunda na ish beruvchi, na ishchi davlatga daromad solig‘i va ijtimoiy to‘lovlarni to‘lamaydi.

Daromadni yashirish:Korxona yoki tadbirkorning o‘z savdo aylanmasini hujjatlarda kamaytirib ko‘rsatishi. Masalan, do‘konda xaridorga chek bermaslik orqali tushgan pulni hisobdan tashqari qoldirish. 

Noqonuniy faoliyat: Qonun bilan taqiqlangan sohalar (kontrabanda, ruxsatsiz qurol yoki dori-darmon savdosi va h.k.) orqali pul topish. 

Uy xo‘jaliklaridagi ro‘yxatdan o‘tmagan xizmatlar: Masalan, uyda hunarmandchilik qilish, repetitorlik yoki usta bo‘lib ishlash, lekin tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tmaslik.

Yashirin iqtisodiyotning ulushi yuqori bo‘lishi davlat byudjetiga tushumlar kamayishiga olib keladi. Bu esa o‘z navbatida yo‘llar qurilishi, maktab va shifoxonalar ta’minoti hamda pensionerlarning nafaqalari uchun mablag‘ yetishmasligiga sabab bo‘ladi. Shuningdek, u halol ishlayotgan tadbirkorlar uchun teng bo‘lmagan raqobat muhitini yaratadi, chunki “soyada” qolganlar soliq to‘lamagani uchun o‘z mahsulotini arzonroq sotishi mumkin.

2026-yilda yashirin iqtisodiyotni qisqartirish bo‘yicha amalga oshiriladigan tub burilishlar iqtisodiyotni “soyadan” chiqarishning asosiy omiliga aylanadi. Garchi tizimli choralar natijasida kuzatilmaydigan iqtisodiyot ulushi 45-50 foizdan 28 foizga pasaytirilgan bo‘lsa-da, bu boradagi ishlar yangi qabul qilingan joriy yil uchun mo‘ljallangan dastur doirasida jadal davom ettiriladi. Endilikda barcha davlat xizmatlari va kommunal to‘lovlar, yoqilg‘i, alkogol va tamaki mahsulotlari, shuningdek, avtomobil va ko‘chmas mulk savdolari to‘liq naqdsiz shaklga o‘tkaziladi. Tizimda shaffoflikni ta’minlash va korrupsiyaviy xavflarni bartaraf etish uchun soliq, bojxona, qurilish nazorati kabi 17 turdagi tekshiruv jarayonlarida bodi-kameralardan foydalanish majburiy etib belgilanmoqda. Shu bilan birga, ixtiyoriy ravishda shaffoflikka o‘tishni xohlagan tadbirkorlarga davlat tomonidan buxgalteriya va soliq hisobotlarini yuritish bo‘yicha bepul o‘qitish ko‘rinishida yordam ko‘rsatiladi.

Ushbu keng ko‘lamli islohotlar natijasida kelgusi besh yilda yashirin iqtisodiyot ulushini ikki karra qisqartirish, savdo va servis sohalarida naqdsiz to‘lovlar ulushini 75 foizdan oshirish hamda rasmiy sektorda band bo‘lganlar sonini 14 millionga yetkazish maqsad qilingan. Eng muhimi, fuqarolarning o‘z daromadlari va aktivlarini iqtisodiyotga yo‘naltirish, ularni o‘z nomiga rasmiylashtirish bilan bog‘liq xavotirlarini bartaraf etish choralari ko‘riladi.

Xulosa qilib aytganda, 2026-yilgi strategik reja iqtisodiyotni raqamlashtirish va shaffoflik orqali har bir fuqaro uchun adolatli va farovon hayot poydevorini mustahkamlashga qaratilgan.

X.Mirzaxmetova

TDYUU Xalqaro xususiy huquq

shu’basi katta o‘qituvchisi