Sirdaryo viloyatining Soliq boshqarmasida iqtisodiy munosabatlarda shaffoflikni ta’minlash, norasmiy iqtisodiy aylanmalarni cheklash hamda qonun ustuvorligini kuchaytirish masalalariga bag‘ishlangan davra suhbati tashkil etildi. Unda viloyat hududida faoliyat yuritayotgan bozorlar va savdo komplekslari rahbarlari ishtirok etishdi.
Tadbirda qayd etilganidek, Prezidentimizning Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida so‘nggi to‘qqiz yil davomida mamlakatimiz xalqimiz bilan birgalikda ulkan rivojlanish bosqichini bosib o‘tgani, milliy iqtisodiyot mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarilgani hamda barqaror o‘sish sur’atlari ta’minlanayotgani alohida ta’kidlangan. Shu bilan birga, kelgusi yillarda iqtisodiy taraqqiyotni yanada jadallashtirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab berilgan.
Xususan, iqtisodiyotda 6,6 foiz o‘sishga erishilib, 2026 yilga qadar yashirin iqtisodiy faoliyatni qisqartirishda hal qiluvchi burilish yasash, amalga oshirilgan choralar natijasida kuzatilmaydigan iqtisodiyot ulushini 45–50 foizdan 28 foizga tushirishga erishilgani ta’kidlandi. Biroq bu natijalar islohotlarning boshlang‘ich bosqichi ekani, oldinda yana keng ko‘lamli vazifalar turgani qayd etildi. Belgilangan dasturlar doirasida kelgusi besh yilda norasmiy iqtisodiyot ulushini ikki barobarga kamaytirish, savdo va servis yo‘nalishlarida naqd pulsiz to‘lovlar salmog‘ini 75 foizdan oshirish hamda rasmiy sektorda mehnat qilayotgan aholi sonini 14 million nafarga yetkazish ko‘zda tutilgan.

Mazkur vazifalar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 29 dekabrdagi “Naqdsiz hisob-kitoblarni ommalashtirish hamda yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi Farmoni, 2025 yil 12 avgustdagi “Yakka tartibdagi tadbirkorlar hamda o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda 2010 yil 26 apreldagi “Dehqon bozorlari va savdo komplekslari faoliyatini tashkil qilishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarorida belgilab berilgan talablar asosida amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.
Uchrashuv davomida mazkur huquqiy hujjatlarga muvofiq bozor va savdo majmualarida yig‘im hamda ijara to‘lovlarini faqat bank tizimi orqali qabul qilish, ularni raqamli tarzda hisobga olish, savdo nuqtalarini fiskal xotirali nazorat-kassa mashinalari va zamonaviy to‘lov terminallari bilan to‘liq ta’minlash shartligi eslatib o‘tildi.
Shuningdek, savdo joylari faqat yakka tartibdagi tadbirkor yoki belgilangan tartibda o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tgan fuqarolarga ajratilishi lozimligi qayd etildi. Ayni paytda ayrim bozorlarda qonun talablariga zid ravishda faoliyat yuritish holatlari kuzatilayotgani, bu esa norasmiy iqtisodiy munosabatlarning kuchayishiga olib kelayotgani ta’kidlandi.
Davra suhbati chog‘ida bozor va savdo komplekslari rahbarlariga elektron to‘lovlarni keng joriy etish, sotilgan mahsulotlar hajmini soliq hisobotlarida xolis aks ettirish, ish haqini yashirin tarzda to‘lash amaliyotiga barham berish, shuningdek, mehnat munosabatlarini qonuniy asosda rasmiylashtirish bo‘yicha amaliy ko‘rsatmalar berildi.
Bundan tashqari, 2026 yil 1 yanvardan o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun ishga tushiriladigan yagona elektron platforma hamda 2026 yil 1 apreldan naqd pulsiz hisob-kitoblar majburiy joriy etiladigan faoliyat turlari yuzasidan ham atroflicha tushuntirishlar o‘tkazildi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar “Halol mehnat – xotirjam hayot va farovon jamiyat garovi” tamoyilidan kelib chiqib, o‘z faoliyatida hamda tasarrufidagi hududlarda iqtisodiy shaffoflikni ta’minlash, qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘ymaslik va tushumlarni oshirishga qaratilgan aniq chora-tadbirlarni belgilab olishini ma’lum qildi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri